Andijondagi trikotaj korxonasida sun’iy intellekt va robotlar ishlatilmoqda
Prezident Andijon tumanidagi sun’iy intellektli tikuv dastgohlari o‘rnatilgan korxona faoliyati bilan tanishdi

Andijondagi trikotaj korxonasida sun’iy intellekt va robotlar qo‘llanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan «Eco Cotton» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, loyiha davlat rahbarining 2026-yil 29-iyundagi paxta tolasini chuqur qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan. Korxonada mahalliy xomashyodan ekologik toza va xalqaro standartlarga mos to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki hamda tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda.
Tadbirkor loyiha uchun 10 mln dollar sarmoya kiritgan. Shu orqali 1 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Korxona to‘liq quvvatda ishlaganda davlat budjetiga yiliga 25 mlrd so‘m tushum keltirishi belgilangan.
Korxonada xodimlar malakasini oshirish maqsadida dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar nazariy bilimlarni ishlab chiqarishdagi amaliyot bilan birga o‘zlashtirmoqda.
Ishlab chiqarish jarayonida Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biriga tegishli avtomatlashtirilgan konveyer uskunalari o‘rnatilgan. Barcha jarayonlar raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.
Korxonada sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan tikuv dastgohlari ham bor. Tizim mato turiga qarab tikuv jarayonini real vaqtda avtomatik sozlaydi, choklarning aniq va nuqsonsiz bajarilishini ta’minlaydi. Gumanoid robotlar esa sinov tariqasida ishlatilmoqda.
«Eco Cotton» yiliga 30 turdagi 9,4 mln dona trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ularning umumiy qiymati 135,3 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Korxona mahsulotlari raqobatbardosh tannarx va sifat ko‘rsatkichlari hisobiga Turkiya, Vetnam, Xitoy va Hindiston ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olishi aytilgan. Yillik eksport salohiyati 10,5 mln dollarga baholangan.
Hozirda Andijonda tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ruminiya va Moldova bozorlariga yetkazib berilmoqda. Korxonada ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash va ularning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

