Mahalliy

Andijondagi baliqchilik majmuasi yiliga 2 mln dollarlik mahsulot eksport qilmoqda

Andijondagi baliqchilik majmuasi yiliga 2 mln dollarlik mahsulot eksport qilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Baliqchi tumanidagi Chinobod real biznes korxonasining baliq yetishtirish loyihasi bilan tanishdi.

Loyihaning umumiy qiymati 30 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxonada 30 ta ish o‘rni yaratilgan.

Ikki gektar maydondagi zamonaviy majmuada yiliga 200 tonna baliq go‘shti va 2,5 mln dona baliq chavog‘i yetishtiriladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 50 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Majmuada ikki million litr hajmdagi suvni tabiiy usulda tozalash imkonini beruvchi laboratoriya ham tashkil etilgan. Unda suv sifatini yaxshilaydigan xlorella suv o‘ti yetishtiriladi. Ushbu ekologik toza tizim baliq yetishtirish samaradorligini yana 15-20 foizga oshirishga xizmat qiladi.

Korxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji quyosh panellari hisobidan to‘liq qoplanadi. Baliq yetishtiriladigan hovuzlardan chiqqan fosfor, ammiak va kalsiy kabi tabiiy moddalarga boy suv ham isrof qilinmay, ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Shu tariqa majmuada resurslardan qayta foydalanishning yaxlit tizimi yaratilgan.

Korxona Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga yiliga 2 mln dona forel chavog‘i eksport qiladi. Yillik eksport hajmi 2 mln dollar, budjetga tushum esa 5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Loyiha aholi bandligini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda. Baliqchi tumanidagi Sarvul mahallasida 20 ta xonadon korxona bilan kooperatsiya asosida forel yetishtirib, qo‘shimcha daromad olmoqda.

Majmuada taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi ham yo‘lga qo‘yilgan. Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “Baliqchilik va parrandachilik amaliyot markazi” tashkil etilgan. Bu yerda talabalar nazariy bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlab, amaliy ko‘nikma orttirmoqda.

Davlat rahbari bunday yuqori samarali loyihalar aholi bandligini taʼminlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Mutasaddilarga kichik maydonlarda intensiv usullarni qo‘llash orqali mahsulot hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha ushbu tajribani keng ommalashtirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.