Andijonda 28 mln dollarlik charm-poyabzal sanoat zonasi tashkil etildi

Andijonda 28 mln dollarlik charm-poyabzal sanoat zonasi barpo etildi
Shavkat Mirziyoyev Oltinko‘l tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Majmuaning umumiy maydoni 10,1 gektarni, loyihalar qiymati esa 28 mln dollarni tashkil etadi. Hududning 5,5 gektarida zamonaviy ishlab chiqarish binolari, dual taʼlim markazi va savdo shoxobchalari qurib bitkazilgan.
Sanoat zonasida umumiy ishlab chiqarish quvvati 150 mlrd so‘m bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan 10 tasi poyabzal va tagcharm, 2 tasi sunʼiy charm, 2 tasi poyabzal yelimi ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Qolgan loyihalar doirasida rezina poyabzal, maxsus poyabzallar uchun ustki qismlar ishlab chiqarish hamda teri tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirga qadar majmuada 2,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Ishlab chiqarish jarayoniga Turkiya, Xitoy va Italiyada malaka oshirgan mutaxassislar jalb etilgan. Ularning tajribasi mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgan. Jumladan, ularning talablari asosida qurilgan ishlab chiqarish bino va inshootlari qiymati yetti yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida mahsulot sifatini oshirish, zamonaviy modellarni o‘zlashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mahalliy kosibchilik anʼanalarini zamonaviy sanoat usullari bilan uyg‘unlashtirish, soha vakillari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

