Mahalliy

Andijon texnika instituti transformatsiya qilinadi

Andijon texnika instituti qayta shakllantiriladi

Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda prezident raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Viloyatdagi 12 ta oliygohda 95 ming talaba, 59 ta texnikumda esa 60 ming yosh tahsil olayotgani qayd etildi. Bu salohiyatni ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.

“Ipak yo‘li” sanoat zonasida investor texnikum ochib, o‘quvchilarga ta’lim bilan birga stipendiya va ish ham berayotgani ijobiy tajriba sifatida alohida qayd etildi.

Oliygoh va texnikumlarning amaliy kafedralarini 46 ta sanoat zonasi hamda 56 ta yirik korxona hududiga ko‘chirish, yengil konstruksiyali o‘quv xonalarini tashkil etish va yil yakunigacha dual ta’limni kamida 80 foizga yetkazish topshirildi.

Qariyb 7,5 mlrd dollarlik yangi loyihalar energetika, gidrotexnika, elektronika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va logistika yo‘nalishlarida muhandislarga bo‘lgan talabni oshiradi.

Shu sabab Andijon texnika instituti transformatsiya qilinadi. Xorijlik menejer va professor-o‘qituvchilar jalb etilib, ta’lim dasturlari hamda yo‘nalishlari yangilanadi.

Institutda alohida dizaynerlik fakulteti ochilib, u dual ta’lim asosida sanoat korxonalariga biriktiriladi. Buning uchun 25 mlrd so‘m ajratiladi.

Sanoat o‘sishi bilan energiyaga talab ham ortib borayotgani, viloyatdan o‘tgan daryo va kanallar bu borada katta zaxira ekani ta’kidlandi.

Andijonning gidroenergetika salohiyati 200 megavattni tashkil etadi. Bu yiliga 500 mln kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Hozirning o‘zida umumiy quvvati 44 megavatt bo‘lgan kichik va mikro GESlar qurishga 400 nafar talabgor bor. GES turbinalarini ishlab chiqarish ham viloyatning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan.

Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizingga berishni boshlash, qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish topshirildi. Betonlashtirilishi rejalashtirilgan 81 kilometr kanallarda GESlar kaskadini qurish ko‘zda tutiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.