Andijon viloyatida korxonalar samaradorligi har bir kvadrat metrdan olinadigan foydaga qarab baholanadi

Andijon viloyatida korxonalar samaradorligi har bir kvadrat metrdan olinadigan foydaga qarab baholanadi
Andijon viloyatida sanoat maydonlarini nafaqat jalb qilingan investitsiyalar hajmi, balki foydalanilayotgan hududning iqtisodiy samaradorligiga qarab ham baholash rejalashtirilmoqda. Xususan, har bir kvadrat metrda qancha qoʻshilgan qiymat yaratilayotgani hisobga olinadi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlum boʻldi.
Birinchi yarim yillikda viloyat iqtisodiyoti 8,8 foizga, sanoat — 9,2 foizga, xizmatlar — 16,1 foizga, investitsiyalar esa 8,9 foizga oʻsdi.
Andijon cheklangan yer va tabiiy resurslarga ega ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga, uning afzalliklari qatorida faol aholi, tadbirkorlik ruhi, yoshlarning koʻpligi, sanoat maktabi va yirik bozor tilga olindi.
Soʻnggi oʻn yilda respublika byudjetidan viloyatga 20 trillion soʻm yoʻnaltirildi, banklar esa tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun 90 trillion soʻm ajratdi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shu munosabat bilan berilgan vakolat va moliyaviy imkoniyatlar tegishli natija berishi kerakligi qayd etildi.
Rivojlanish yoʻnalishlaridan biri Asaka boʻladi. Bu yerda avtomobilsozlik va mashinasozlik sohasidagi 30 yillik tajribadan foydalanib, oʻz texnologiyalarini yaratish vazifasi qoʻyildi. «Asaka muhandislik vodiysi»ni tashkil etish hamda dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Hozirda viloyatda 10 ming nafar talaba muhandislik, energetika, sanoat va axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Ularning gʻoyalarini tayyor mahsulotga aylantirish uchun tadqiqot va ishlanmalar markazlarini rivojlantirish taklif etildi.
Toʻqimachilik sanoatida ham qoʻshimcha salohiyat koʻrilmoqda. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, yevropalik dizayner, konstruktor va brendlarni jalb etish mavjud quvvatlardan samaraliroq foydalanish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga oʻtish va tarmoq eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan viloyatda investitsiya samaradorligini baholashning yangi mezoni — har bir kvadrat metrda yaratiladigan qoʻshilgan qiymat hajmi qoʻllaniladi.

