Iqtisodiyot

Amerikalik investor Qashqadaryoda sabzavotlarni qayta ishlash zavodini kengaytirmoqchi

AQShning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryoda meva-sabzavotni qayta ishlashga investitsiyalarni $50 mlngacha oshirmoqchi. Korxona kengaytirilgach, yiliga 100 ming tonna mahsulotni qayta ishlab, tayyor ingrediyentlarni AQSh, Yevropa va Osiyo hamda Nestlé, Mars kompaniyalariga yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Amerikalik investor Qashqadaryoda sabzavotlarni qayta ishlash zavodini kengaytirishni ko‘zlamoqda

Amerikaning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlashga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmini 50 mln dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasiga tashrifi vaqtida ma’lum qildi.

Oziq-ovqat sanoati uchun ingrediyentlar ishlab chiqaruvchi ushbu korxonaga dastlab 8,5 mln dollar sarmoya kiritilgan. Investor aytishicha, loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, umumiy investitsiya hajmi 50 mln dollarni tashkil etadi.

“Sabzavotlarni suvsizlantirish orqali xalqaro bozor talablariga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz AQSh, Indoneziya va Yevropa mamlakatlariga, jumladan, Nestlé va Mars kabi yirik xalqaro kompaniyalarga yetkazib berishga mo‘ljallangan”, — dedi u.

Zavodda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli xil ko‘katlar qayta ishlanadi. Olingan ingrediyentlar tez tayyorlanadigan lag‘mon va sho‘rvalar, ziravorlar, konserva hamda kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Buning uchun mahsulotlarning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolishga imkon beradigan konveksion uskunalar qo‘llaniladi. Ishlab chiqarish jarayonlarining qariyb 30 foizi robotlashtirilgan. Korxonada 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq ishga tushgach, zavod bir sutkada 310 tonnagacha xomashyoni qayta ishlashi mumkin. Investor hisob-kitobiga ko‘ra, yillik aylanma 40 mln dollarga yetadi.

Prezident matbuot xizmati xabarida esa bu summa rejalashtirilgan yillik eksport hajmi sifatida keltirilgan. Kutilayotgan xaridorlar orasida Nestlé va Purina xalqaro brendlari ham borligi qayd etilgan. Tuzilgan shartnomalar va kelishilgan yetkazib berish hajmlari haqida ma’lumot berilmagan.

Telelavhada korxonaning dastlabki eksport maqsadi 20 mln dollar ekani, 2029-yilga borib xorijga yetkazib berish hajmini 45 mln dollargacha oshirish rejalashtirilayotgani ham aytildi.

Amerika kompaniyasi vakili loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston tanlanganining uchta sababini sanab o‘tdi: iqtisodiy islohotlar, mamlakatning geografik joylashuvi va Qashqadaryo viloyatining qishloq xo‘jaligi salohiyati.

“O‘zbekistonning geografik joylashuvi xalqaro bozorlarga chiqishda muhim ustunlik beradi. Mahsulotlarimizni ikki haftadan kam vaqt ichida Gamburg portiga yetkazish, Istanbul orqali esa boshqa bozorlarga chiqish imkoniyati mavjud”, — dedi u.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, korxona hozirning o‘zida Rossiya, Yevropa va MDH mamlakatlariga mahsulot eksport qilmoqda.

Zavodga tashrif chog‘ida korxonani mahalliy xomashyo bilan ta’minlash va fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runovning ta’kidlashicha, qayta ishlash korxonasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga, jumladan, odatiy bozorda sotilmay qolgan mahsulotlardan ham qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.

“Uchta asosiy manfaatlilik tomoni bor bu loyihaning. Birinchisi, bu fermerlarimiz uchun, dehqonlarimiz uchun qo‘shimcha daromad. Chunki bozorga chiqmaydigan mahsulotini bu yerga sotganidan keyin qo‘shimcha daromad oladi. Ikkinchisi, bu yerda qayta ishlash o‘zi tashkil qilinib, mahalliy aholimiz ish bilan ta’minlanadi. Va eng yana bir muhim tarafi, shu mahsulotlarni qayta ishlangandan chiqadigan tayyor mahsulotni, sabzini qayta ishlash orqali, piyozni qayta ishlash orqali, bulg‘or qalampirini qayta ishlash orqali, bizga ularni Amerika bozoriga, Yevropa bozoriga, Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga, bu Singapur, Indoneziya, Vetnamga eksport qilish imkoniyatini beradi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati qariyb 130 mln dollarlik meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi. Taqdim etilgan hisob-kitobga ko‘ra, mamlakat miqyosida shunga o‘xshash qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish hisobiga 200 mln dollarlik qo‘shimcha eksport yaratish mumkin.

Muhokama davomida Mirziyoyev 30 ming gektar maydonda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish vazifasini belgiladi. Viloyat va tuman hokimliklari mavjud yer imkoniyatlarini o‘rganib, istiqbolli yer maydonlarini aniqlashi, ularni qayta ishlash korxonalari bilan hamkorlikda ishga solish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.

Prezident fermerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, ularni avans to‘lovlari orqali qo‘llab-quvvatlash va yiliga ikki-uch marta hosil olish uchun sharoit yaratish zarurligini ham ta’kidladi.

Shuningdek, suv ta’minotini yaxshilash, nasos uskunalarini o‘rnatish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mirziyoyevning aytishicha, tegishli qaror bir oy ichida tayyorlanishi kerak. U ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqishni topshirdi.

Prezident matbuot xizmatining rasmiy xabarida zavodni xomashyo bilan ta’minlash uchun 3500 gektar maydonda meva-sabzavot yetishtirish nazarda tutilgani aytilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.