Qashqadaryodagi korxona eksportni 40 mln dollarga yetkazmoqchi
Shavkat Mirziyoyev «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasida 8,5 mln dollarlik sarmoya asosida qurilgan meva-sabzavotni qayta ishlash

Qashqadaryodagi korxona eksport hajmini 40 mln dollarga yetkazishni maqsad qilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan «Wosune Food Ingredients Karshi» korxonasini borib ko‘rdi.
AQShning «Wosune International Inc» kompaniyasi sarmoyasi asosida qurilgan ushbu korxonaning qiymati 8,5 mln dollarni tashkil etadi. Bu yerda 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Korxona hududda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan. Xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlanib, tashqi bozorlarga chiqarilmoqda.
Bu yerda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli ko‘katlar konveksion uskunalarda quritiladi. Mazkur texnologiya mahsulotlarning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarish jarayonining 30 foizi robotlashtirilgan. Tayyor ingrediyentlar tez tayyorlanadigan taomlar, ziravorlar, konservalar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yetkazib beriladi. Korxona mahsulotlari Rossiya, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmini 40 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Xomashyo ta’minotini kengaytirish uchun Qashqadaryo viloyatidagi dehqon xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlar bilan tanishdi.

