Afg‘onistondan O‘zbekistonga yuk mashinasida olib o‘tilayotgan 48,5 kg narkotik moddasi ushlab qolindi
Afg‘onistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan yuk avtomashinasidan 39 kg 86 gr 'gashish' va 9 kg 498 gr 'opiy' aniqlandi. Jami 48 kg 584 gr narkotik modda avtomashina tirkamasining pol qismi ostiga yashirilgan bo‘lgan.

Afg‘onistondan O‘zbekistonga yuk mashinasida olib o‘tilayotgan 48,5 kg narkotik modda ushlab qolindi
Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan olib kelingan 48,5 kg narkotik modda aniqlangani haqida DXX xabar berdi.
Xususan, Afg‘onistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan, Termiz tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Mercedes-Benz rusumli yuk avtomashinasi “Ayritom” chegara bojxona postida chuqurlashtirilgan tarzda tekshirildi.
Tekshiruv davomida avtomashina tirkamasining pol qismi ostiga jami 98 dona o‘ramda 39 kg 86 gr “gashish” va 9 kg 498 gr “opiy” yashirilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, narkosavdogarlar giyohvandlik vositalari fosh bo‘lmasligi uchun ularni avval polietilen paketga solgan. Keyin o‘ramlar folga qog‘ozi bilan o‘ralib, skotch bilan mahkamlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini ko‘p miqdorda kontrabanda qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozir tergov harakatlari doirasida ushlangan narkotik moddalarning buyurtmachilarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.

