Layfstayl

Advokat bo‘lishni orzu qilgan, Avstraliyada fermada ishlagan va “Titanik”dagi rolni Leonardo Di Kaprioga boy bergan Metyu Makkonahi 57 yoshda

4-noyabr — Gollivudning eng o‘ziga xos aktyorlaridan biri, “Dallas xaridorlar klubi”, “Interstellar”, “Haqiqiy detektiv” va “Jentlmenlar” filmlari yulduzi Metyu Makkonahining tug‘ilgan kuni.

Advokat bo‘lishni orzu qilgan, Avstraliyada fermada ishlagan va “Titanik”dagi rolni Leonardo Di Kaprioga boy bergan Metyu Makkonahi 57 yoshda

Bugun Metyu Makkonahi “Oskar” sovrindori, Gollivud afsonasi va o‘z avlodining eng mashhur aktyorlaridan biri sanaladi. Ammo uning muvaffaqiyat sari yo‘li kutilmagan burilishlarga boy bo‘lgan. U romantik komediyalarda kelishgan yigitlar obrazini yaratdi, ijodiy inqirozni boshdan kechirdi, bir necha yil kinodan chetga chiqdi, keyin esa yetuk, teran va chinakam erkin inson sifatida ekranlarga qaytdi.

18 yoshida Avstraliyaga borib, fermada ishlagan

Makkonahining hayotidagi eng noodatiy bosqichlardan biri 18 yoshida boshlangan. Maktabni bitirgach, u bir yil davomida almashinuv dasturi orqali Avstraliyada yashagan. Shu davrda u nafaqat avstraliyalik inglizcha talaffuzni o‘zlashtirgan, balki turli ishlarni ham qilgan. Jumladan, Narrandera shahridagi fermada ishlagan, sayohat qilgan va ko‘pincha chodirlarda tunagan.

Advokat bo‘lmoqchi edi, ammo kinoni tanladi

Makkonahi yoshligida Gollivud haqida umuman o‘ylamagan. Uning maqsadi advokat bo‘lish edi. Biroq tasodifan Og Mandinoning “Dunyodagi eng buyuk savdogar” kitobini o‘qib, birdaniga huquqshunos emas, balki hikoyachi — voqealarni so‘zlab beradigan inson bo‘lishni istayotganini anglab yetdi.

Bu kutilmagan burilish uning butun kelajagini belgilab berdi. U huquqshunoslik fakultetiga kirish rejasidan voz kechib, kino san’ati fakultetiga o‘qishga kirdi va keyin kinoga kirib borish yo‘llarini izlay boshladi.

Uning ilk roli Richard Linklaterning mashhur filmida bo‘lgan.

1993-yilda u barda “Sarosima” filmining kasting rejissyori bilan tanishib qoldi. Uni suratga olishga taklif qilishdi va shu tariqa mashhur “Alright, alright, alright” iborasi paydo bo‘ldi.

Bu jumla aktyorning tashrif qog‘oziga aylandi. Keyinchalik Makkonahi bu iborani o‘sha joyning o‘zida o‘ylab topganini tan olgan, chunki u beg‘am yigit obraziga kirishga yordam bergan ekan.

“Titanik”dagi bosh rolni ijro etishi mumkin edi

Makkonahi Leonardo Di Kaprio o‘ynagan Jek Douson obrazini gavdalantirishi mumkin bo‘lgan aktyorlardan biri edi. Uning aytishicha, “Titanik” uchun Keyt Uinslet bilan sinovdan o‘tgach, unga deyarli rolni olgani aytilgan. Ammo oxir-oqibat rejissyor Jeyms Kemeron Jek obrazini Di Kaprioga topshirgan.

Shu tariqa Makkonahi kino tarixidagi eng mashhur romantik filmlardan birida bosh qahramon bo‘lish imkoniyatini boy bergan. Albatta, bu uning keyingi yutuqlariga to‘sqinlik qilmagan.

Kelishgan yigit ampluasidan chiqish uchun o‘nlab rollarni rad etdi

2000-yillarning boshida Metyu romantik komediyalar qiroli bo‘lib qoldi. “To‘polon”, “Yigitdan 10 kunda qutulish yo‘llari”, “Ahmoqlar oltini” kabi filmlar unga shuhrat keltirdi, biroq aktyor bir xil obrazda qolib ketgandi.

Bir kuni u hammasini tubdan o‘zgartirishga qaror qildi: millionlab gonorar taklif qilinsa ham, bunday ssenariylarni rad eta boshladi. Hatto ikki yil davomida umuman suratga tushmadi.

“Makkonassans”

Aktyorning qaytishi haqiqiy hodisaga aylandi. Tanqidchilar hatto bu jarayon uchun McConaissance (“Makkonassans”) degan atamani o‘ylab topishdi. U bir qator kuchli dramatik filmlarda rol o‘ynadi: “Advokat uchun Linkoln”, “Interstellar” va, albatta, “Dallas xaridorlar klubi”.

Aynan shu film unga eng yaxshi erkak roli uchun “Oskar” mukofotini olib keldi. Bu rol uchun Makkonahi 20 kilogramm vazn tashladi va hayot uchun kurashayotgan kasal kovboy obraziga butunlay kirib ketdi. Ushbu muvaffaqiyatdan keyin u jiddiy aktyor maqomini mustahkamlab oldi.

O‘smirlikdan beri kundalik yozishni yaxshi ko‘radi

Metyu haqidagi eng qiziqarli faktlardan biri — u 30 yildan ortiq vaqt davomida kundalik yuritib keladi. 15 yoshidan beri u o‘z fikrlari, g‘oyalari, tushlari va uni ilhomlantirgan voqealarni yozib boradi.

Keyinchalik bu yozuvlar 2020-yilda chop etilgan “Yashil chiroq” nomli avtobiografiyasi uchun asos bo‘ldi. Kitob oddiy xotiralar to‘plami emas, balki falsafiy kuzatishlar, hazil-mutoyibalar va hayotiy saboqlar jamlanmasi bo‘lgani uchun darhol bestsellerga aylandi.

Bir necha yil furgonda yashagan

Gollivuddagi muvaffaqiyatidan keyin Makkonahi hashamatli qasr sotib olish o‘rniga treylerda yashashni tanladi. U furgonini okean bo‘yiga qo‘yib, oddiy zavqlardan bahramand bo‘ldi: syorfing, kitob o‘qish, aniq yo‘nalishsiz sayohat qilish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davr unga baxt maqomda emas, balki erkinlik hissida ekanini tushunishga yordam bergan. Keyinchalik aktyor Texasdan uy sotib olgan bo‘lsa-da, furgonni saqlab qolgan — ba’zan u yolg‘iz qolish uchun unda qayergadir jo‘nab ketadi.

40 yoshdan keyin uylangan

Metyu doimo ayollar e’tiborini tortgan bo‘lsa-da, u turmush qurishga jiddiy yondashgan. U bo‘lajak rafiqasi, braziliyalik model Kamila Alves bilan 2006-yilda tanishgan, ammo unga faqat 6 yildan keyin turmush qurishni taklif qilgan.

Hozir er-xotin uch farzandni tarbiyalamoqda. Makkonahi ko‘pincha oilasi unga hayotda mustahkam turishga, yo‘nalishini yo‘qotmaslikka va Gollivud vasvasalariga berilmaslikka yordam berishini aytadi.

Siyosatga qiziqib, saylovlarda qatnashishni jiddiy o‘ylagan

2021-yilda aktyor kutilmaganda Texas shtati gubernatori lavozimiga nomzodini qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu bayonot keng muhokamalarga sabab bo‘ldi — ko‘pchilik buni jiddiy qabul qildi, chunki Makkonahi uzoq vaqtdan beri fuqarolik faolligi va xayriya tashabbuslari bilan tanilgan edi.

Biroq u o‘z loyihalari orqali odamlarga ilhom berib, siyosatga qaraganda ko‘proq foyda keltirishi mumkinligini tan olib, nomzodini qo‘yishdan voz kechdi. Shunga qaramay, u faol jamoat arbobi bo‘lib qolmoqda, ruhlantiruvchi nutqlar so‘zlamoqda va ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

U universitetda dars beradi

2019-yilda Makkonahi Texas universiteti professori bo‘lib, u yerda “Ssenariydan ekrangacha” kursini o‘qita boshladi. U talabalar bilan film yaratish tajribasini bo‘lishadi va ularga ijodiy yondashuvni amaliy ko‘nikmalar bilan qanday uyg‘unlashtirishni tushuntiradi.

Talabalarning aytishicha, aktyorning ma’ruzalari shunchaki kino darsi emas, balki hayot saboqlaridir. Makkonahi ularni o‘ziga sodiq bo‘lishga, muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqmaslikka va o‘z yo‘lini topishga ilhomlantiradi.

“Yashil chiroq” falsafasi

Aktyorning asosiy hayotiy tamoyili — og‘ir vaziyatlarda ham “yashil chiroq”ni ko‘ra bilish. Uning fikricha, “yashil chiroq” — yo‘l qanchalik qiyin bo‘lmasin, hammasi o‘z izida ketayotganining belgisi.

Bu falsafa unga karyeradagi inqirozlar, shaxsiy yo‘qotishlar va shubhalardan o‘tishda yordam bergan. Makkonahi ishonch bilan aytadiki, agar ichki xotirjamlikni saqlab, hayotga ishonsangiz, u sizni doimo taqdiringiz belgilagan manzilga olib boradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.