21 yangi bekat, 33 kilometr yöl va 2 daqiqalik interval: Toşkent metrosi sönggi 10 yilda qanday özgardi?
2016-yilda 29 ta bekat va 38 kilometrlik yöldan iborat bölgan metropoliten bugun 50 ta stansiya va 71 kilometrlik tarmoqqa ega. Yangi poyezdlar xarid qilinib, ayrim yönalişlarda tiğiz vaqtdagi harakat intervali 1,5–2 daqiqagaça qisqargan. Maʼlum qilinişiça, 2030-yilgaça tarmoqni 103 kilometrga yetkaziş va kunlik yölovçilar oqimini 1,8 million nafargaça oşiriş reja qilingan.

21 ta yangi bekat, 33 kilometr yo‘l va 2 daqiqalik interval: Toshkent metrosi so‘nggi 10 yilda qanday o‘zgardi?
Toshkent metrosi 1977-yilda ishga tushirilgan. Dastlabki davrlarda uning asosiy vazifasi shaharning markaziy qismlarini yirik turarjoy massivlari bilan bog‘lashdan iborat edi.
Biroq keyingi qariyb 40 yil davomida metro tarmog‘i juda sekin kengaydi. 2016-yilga kelib, Toshkent metrosida 29 ta bekat va 38 kilometr yo‘l mavjud edi. So‘nggi o‘n yillikda esa bu ko‘rsatkichlar sezilarli o‘zgardi: 33 kilometr yangi metro yo‘li qurildi va 21 ta yangi bekat ochildi.
Bugun metro tarmog‘ining umumiy uzunligi 71 kilometrni tashkil etmoqda. Ya’ni so‘nggi o‘n yilda qurilgan yangi yo‘llarning o‘zi avvalgi 38 kilometrlik tarmoqning qariyb 87 foiziga teng. Tarmoq avval metro bilan qamrab olinmagan, asosan, temiryo‘l yoki avtobus kabi yer usti transportidan foydalanilgan hududlargacha kengaydi. Shu jihatdan qaraganda, so‘nggi yillardagi asosiy o‘zgarishlardan biri metroning Toshkent transport tizimidagi ulushi kengayganidir.
2023-yilda Toshkent metrosidan 172 million yo‘lovchi foydalangan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 270,3 millionga yetdi. Bir yil ichida qariyb 100 millionlik farq yuzaga kelgan. O‘sish 98,3 million yo‘lovchi yoki 57,2 foizni tashkil qilgan. Mazkur raqamlarni oddiy hisobga aylantirsak, 2024-yilda metro kuniga o‘rtacha 740 mingdan ortiq yo‘lovchini tashigan bo‘ladi.
Yo‘lovchi oqimining bunday tez o‘sishi infratuzilma oldiga boshqa talablarni qo‘yadi. Endi bekatlar sonini ko‘paytirishning o‘zi yetarli emas. Poyezdlar, harakat intervali, bekatlar o‘tkazish qobiliyati, eskalatorlar, chiqish-kirishlar, to‘lov tizimi va hatto mobil aloqa ham birgalikda ishlashi kerak. Shu sababli, so‘nggi yillarda metrodagi o‘zgarishlarning yana bir yo‘nalishi mavjud tizimning ichki imkoniyatlarini oshirish bo‘ldi.
Yangi metro yo‘llari va bekatlar o‘z-o‘zidan yo‘lovchilar tashish imkoniyatini oshirmaydi. Buning uchun harakat tarkibi ham yetarli bo‘lishi kerak. 2016-yil atrofida Toshkent metrosida 40 ta eski turdagi poyezd tarkibi mavjud edi. Keyingi yillarda 55 ta yangisi xarid qilindi. Shuningdek, 2026-yilning o‘zida yana 14 ta zamonaviy tarkib olib kelindi. Hozirda metropolitenda jami 91 ta poyezd tarkibi mavjud bo‘lib, shundan 55 tasi yangi zamonaviy poyezdlardir.

