Toshkent metrosining yangi bekatlarida poyezdlar kelish vaqtini ko‘rsatuvchi tablolar o‘rnatiladi
Hozirgi bekatlardagi elektron tablolarda poyezd kelishiga qancha vaqt qolgani emas, avvalgi poyezd ketganidan buyon o‘tgan vaqt aks etadi. Mavjud bekatlarda yangi tizimni joriy etishning aniq muddati hozircha ma’lum emas.

Toshkent metrosining yangi bekatlarida poyezdlar kelish vaqtini ko‘rsatuvchi tablolar o‘rnatiladi
Toshkent metropolitenining kelgusida barpo etiladigan yangi liniyalari va bekatlarida poyezdlarning kelish hamda ketish vaqtini aniq aks ettiradigan zamonaviy elektron tablolarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupov 3-noyabr kuni ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
O‘sha kuni Kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanidan keyin Yusupov jurnalistlar savollariga javob berdi. “Daryo” muxbiri metro bekatlaridagi elektron tablolarda poyezd kelishiga qancha vaqt qolganini ko‘rsatish tizimini joriy etish imkoniyati bilan qiziqdi.
Yusupovning aytishicha, hozir metro bekatlaridagi elektron tablolarda navbatdagi poyezd kelguniga qadar qolgan vaqt emas, balki oldingi poyezd bekatdan jo‘nab ketganidan beri o‘tgan vaqt ko‘rsatiladi. Mavjud bekatlarda zamonaviy taymer va elektron soatlarni o‘rnatish esa texnik imkoniyatlar cheklangani sababli qiyin.
Biroq prezidentning 2026-yil 15-maydagi 191-sonli qaroriga muvofiq, kelgusida quriladigan metro liniyalari va bekatlarida poyezdlarning kelish hamda ketish vaqtini aniq ko‘rsatadigan intellektual elektron tablolarni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Hozircha amaldagi bekatlardagi elektron tablolarning qachon yangilanishi bo‘yicha aniq muddat aytilmadi.
Matbuot anjumanida metropoliten infratuzilmasini kengaytirish va poyezdlar harakati intervalini qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yetti yil ichida Toshkentda 33 kilometr yangi metro yo‘nalishlari qurilib, 21 ta bekat foydalanishga topshirilgan. Natijada metropoliten bekatlari soni 50 taga, yo‘nalishlarning umumiy uzunligi esa 71 kilometrga yetgan.
2021-yilda Toshkent metrosi kuniga o‘rtacha 280–300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 1,2 million nafardan oshgan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervali Chilonzor yo‘nalishida tig‘iz vaqtlarda 1,5–2 daqiqagacha, O‘zbekiston yo‘nalishida 3 daqiqagacha, Yunusobod yo‘nalishida 4 daqiqagacha, yer usti halqa yo‘lida esa 8 daqiqagacha qisqartirilgan.
Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yilda yana 14 ta zamonaviy, besh vagonli poyezd tarkibini xarid qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2030-yilgacha Toshkent metrosining kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga, bekatlar sonini 79 taga, yo‘nalishlarning umumiy uzunligini esa 103 kilometrga yetkazish belgilangan.

