Toshkent metrosi bir haftada ikkinchi bor rekord yangiladi
21-sentabr kuni Toshkent metropoliteni xizmatlaridan 1 181 581 nafar yoʻlovchi foydalandi. Bu 14-sentabrda qayd etilgan avvalgi rekorddan 16 031 nafarga koʻp.

Toshkent metrosi bir hafta ichida ikkinchi marta rekord o‘rnatdi
Toshkent metropolitenida bir kunda tashilgan yo‘lovchilar soni bo‘yicha yana bir rekord qayd etildi. 21-sentabr kuni metro xizmatlaridan jami 1 181 581 nafar yo‘lovchi foydalangan.
Bundan oldingi eng yuqori ko‘rsatkich 2026-yil 14-sentabrda qayd etilgan edi. O‘sha kuni Toshkent metrosi 1 165 550 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Yangi natija avvalgi rekorddan 16 031 nafarga yuqori bo‘ldi.
Metropoliten mutaxassislari olib borayotgan monitoring va tahlillar yo‘lovchilar oqimi o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyida metrodan bir kunda foydalanadigan yo‘lovchilar soni 1,2 million nafarga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent metropoliteni 1 200 000-yo‘lovchini alohida aniqlab, unga maxsus imtiyoz yoki sovg‘a taqdim etishni rejalashtirgan.
Mazkur tashabbus yo‘lovchilarni rag‘batlantirishga qaratilgan ramziy tadbir sifatida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yilda xarid qilinishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy poyezd tarkibining barchasi Toshkent metropoliteniga yetkazib berilgan.
Yangi poyezdlar yo‘lovchilarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish, shuningdek, harakatni ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga moslashtirish uchun foydalanilmoqda.

