Ësh futbolchilarni tayyorlash boʻyicha dunyoning eng yaxshi klublari eʼlon qilindi
Portugaliyaning «Benfika» klubi professional futbolchilarni tarbiyalovchi eng yaxshi yirik markaz sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.

Yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha dunyoning eng yaxshi klublari ma’lum qilindi
CIES e’lon qilgan tarbiyalovchi klublarning yillik reytingida Lissabon shahri klubi 2025-yildagidek 101,3 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.
CIES metodologiyasiga ko‘ra, klublarning o‘rni hozirda ularning nechta tarbiyalanuvchisi professional klublarning asosiy jamoalarida o‘ynayotganiga qarab belgilanadi (bunda jami 49 ta mamlakat chempionati hisobga olinadi).
Shu bilan birga, klub u yoki bu futbolchini tarbiyalagan deb hisoblanishi uchun o‘yinchi 15 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan davrda ushbu klubning asosiy jamoasida kamida uch mavsum o‘tkazgan bo‘lishi kerak. Qo‘shimcha ballar akademiya bitiruvchisi o‘ynayotgan klub darajasi, u qatnashgan o‘yinlar saviyasi, maydonda o‘tkazgan vaqti hamda yoshiga qarab beriladi (qancha yosh bo‘lsa, shuncha yaxshi).
Ushbu hisoblash uslubiga ko‘ra, «Benfika» tarbiyalanuvchilari soni 93 nafarni tashkil etdi. Hozir ulardan faqat to‘rt nafari Lissabon jamoasida o‘ynamoqda. Yana 14 nafari «katta beshlik» (Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya) chempionatlari klublarida, qolganlari esa nisbatan oddiyroq jamoalarda to‘p surmoqda.
E’tiborlisi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Argentinaning «River Pleyt» va «Boka Xuniors» klublarida hisobga olish qoidalariga mos keluvchi tarbiyalanuvchilar soni «Benfika»nikidan ko‘p yoki unga teng: «River Pleyt»da 94 nafar, «Boka Xuniors»da esa 93 nafar. Biroq Argentina grandlari akademiyalari bitiruvchilari top-klublarda kamroq ekani sababli («katta beshlik» jamoalarida 10 nafardan futbolchi), ularga kamroq — mos ravishda 97,6 va 96,7 ball berildi.

