Sport

Lionel Messi Ispaniya futbol klubini sotib oldi — Marca

Lionel Messi Ispaniya futbol klubini sotib oldi — Marca

Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan argentinalik hujumchi Lionel Messi Ispaniyaning ikkinchi divizioni (Segunda) vakili “Eldense” futbol klubining 100 foiz aksiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Bu argentinalik hujumchi uchun 2026-yil davomida futbol klublari bilan bog‘liq ikkinchi xarid bo‘ldi. Avvalroq u joriy yilning aprel oyida Barselona provinsiyasining Bash-Lyobregat hududida joylashgan Kataloniyaning “Kornelya” klubini ham sotib olgan edi. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Messi “Inter Mayami”dagi faoliyatini yakunlagach, aynan “Eldense” klubi bazasi joylashgan Alikante provinsiyasining Elda shahrida doimiy yashashni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Messi 2023-yildan beri AQSHning “Inter Mayami” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. U jamoasi bilan 2025-yilda MLS chempionligini qo‘lga kiritgan. 2025-yil oktyabr oyida argentinalik yulduz Amerika klubi bilan amaldagi shartnomasini 2028-yil oxirigacha uzaytirdi.

Joriy yilning 31-avgust kuni Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini rasman yakunlaganini e’lon qildi. Hujumchi faoliyati davomida bir qator yirik yutuqlarga erishgan. U Argentina terma jamoasi safida 2022-yilgi Jahon chempionati g‘olibiga aylangan, 2026-yilgi mundialda esa finalga qadar yetib borgan. Shuningdek, futbolchi 2008-yilgi Olimpiada o‘yinlarining oltin medali sohibi, ikki karra Amerika Kubogi (2021 va 2024-yillar) hamda Finalissima—2022 musobaqalari g‘olibi hisoblanadi.

Hujumchi shaxsiy rekordlar borasida ham alohida natijalarni qayd etgan. Xususan, Messi mutlaq rekord o‘rnatgan holda 8 marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u 3 marta FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, Yevropa chempionatlarining eng yaxshi to‘purari sifatida 6 marta “Oltin butsa”ga ega chiqqan hamda 2 marta Jahon chempionatining “Oltin to‘pi”ga munosib ko‘rilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.