Sport

O‘zbekistonda “Barselona” akademiyasi ochilishi mumkin

O‘zbekistonda “Barselona” akademiyasi ochilishi mumkin

O‘zbekistonda “Barselona” futbol klubining rasmiy xalqaro akademiyasi — “Barca Academy” loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida Kataloniya klubi vakillari bilan Zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, “Barselona” klubi ijroiya qo‘mitasi a’zosi Sesar Martines va klubning Barca Innovation Hub (bilimlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar platformasi) bosh direktori Albert Mundet ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda “Barca Academy” loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu loyiha mamlakatda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, yosh o‘yinchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash va zamonaviy o‘qitish metodikalarini joriy etishga qaratilgan.

Ishtirokchilar akademiyaning faoliyati, mashhur “La Masia” metodologiyasiga asoslangan ta’lim tizimi, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy futbol falsafasini tatbiq etish va iqtidorli futbolchilarni saralab olish jarayonlari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat davomida Markaziy Osiyodagi ilk rasmiy “Barca Academy” 2023-yilda Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida o‘z faoliyatini boshlagani va hozirda Bishkekda ikkinchi akademiyani ochish ustida ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda “Barca Academy” loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda batafsil o‘rganishga kelishib oldilar. Shuningdek, bolalar futbolini rivojlantirish, mahalliy murabbiylar malakasini oshirish va futbol sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqboldagi yo‘nalishlari belgilab olindi.