Yunusobod dehqon bozori o‘rnidagi qurilish nega to‘xtab qoldi?
Shavkat Umrzoqovning prezidentga taqdimotidan keyin, Yunusobod dehqon bozori buzib tashlangan edi. Lekin yil boshidan beri loyiha rivoji to‘xtab qolgan, qurilish bo‘layotgani yo‘q. Oqibatda istiqbolli loyiha o‘rnida odamlar uchun qo‘shimcha muammolar tug‘dirayotgan qarovsiz hudud paydo bo‘ldi. Shahar hokimligining munitsipal aktivlar markazi savollarni javobsiz qoldirmoqda.

**Yunusobod dehqon bozori o‘rnidagi qurilish ishlari nega to‘xtab qoldi?**
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 2024-yil noyabr oyida davlat rahbariga taqdim etgan qurilish loyihalari orasida Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor qurish rejasi ham bor edi. Taqdimotda bu loyiha hudud qiyofasini yangilashi, savdogarlar uchun qulay sharoit yaratishi va aholiga zamonaviy savdo xizmatlarini taklif qilishi aytilgandi.
Oradan qariyb bir yil o‘tib, 2025-yil sentyabr oyida eski bozorni buzish ishlari boshlandi. Ammo bir muddat o‘tgach, loyiha deyarli harakatsiz holatga kelib qoldi. So‘nggi yetti oy davomida qurilish maydonida sezilarli ish olib borilmayapti. Natijada istiqbolli loyiha o‘rnida odamlar uchun qo‘shimcha muammolar tug‘dirayotgan qarovsiz hudud paydo bo‘ldi.
**Loyiha nega to‘xtab qoldi?**
Ekobozor qurilishi nega to‘xtab qolgani noma’lum. Loyihaga kim investor, kim buyurtmachi, moliyalashtirish manbasi qayer, qurilish qachon bitadi – bu savollarga ochiq manbalarda javob yo‘q.
Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Poytaxt pressasi bozorlar bilan Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi ishlashini ma’lum qildi. Ushbu markaz xodimi esa Kun.uz'ning oxirgi 7 oydan beri qurilish ishlari nega to‘xtab qolgani haqidagi savolini javobsiz qoldirdi. Mutasaddi idora material e’lon qilingunga qadar holat yuzasidan rasmiy izoh bergani yo‘q.
Odatda yirik ob’yektni buzishdan oldin uning o‘rnida quriladigan yangi inshootning moliyaviy, texnik va tashkiliy masalalari puxta hal etilgan bo‘lishi kerak. Yunusobod – poytaxtning eng gavjum tumanlaridan biri. Ming-minglab insonlar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bozorni shoshilinch buzib, keyinchalik uzoq vaqt tashlab qo‘yish – rejalashtirish va boshqarishdagi jiddiy kamchiliklardan dalolat beradi.
Qurilish maydonining uzoq vaqt qarovsiz qolishi atrofdagi aholi va hududdan har kuni foydalanadigan vatandoshlarga qator noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bozor eski joylarining yopilishi savdo infratuzilmasiga ta’sir ko‘rsatgan hamda ayrim tadbirkorlar va xaridorlarni boshqa joylarga qatnashga majbur qilyapti.
Bundan tashqari, to‘silgan va qurilish ishlari tugallanmagan hudud piyodalar hamda transport harakatiga xalal berishi, chang-to‘zon, chiqindi va sanitariya bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yil Yunusobod dehqon bozori buzilishi haqida ilk xabarlar chiqqanida xorijiy investorlar loyihaga 40 million dollar sarmoya kiritishi va uni yer ostida ikki qavat, yer ustida olti qavatli bozorga aylantirishi aytilgandi. Amaldagi loyihaning qiymati va moliyalashtirish manbai esa noma’lum.
**Bozorlarning xususiylashtirilishi**
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda an’anaviy bozorlarni rekonstruksiya qilish yoki ularning o‘rnida zamonaviy savdo komplekslari qurish tendensiyasi ketyapti. Xususan, o‘tgan hafta imzolangan prezident qaroriga asosan, 2026-2027 yillarda Toshkentdagi Chilonzor buyum bozori, O‘rikzor, Qo‘yliq, Aviasozlar va Farhod kabi qator bozorlar va savdo komplekslari xususiy investorlarga sotiladi.
Ular o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda ko‘ngilochar markazlari, shuningdek, ko‘p qavatli avtoturargohlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Oldinroq, 2024-yilning dekabr oyida Yakkasaroy tumanida joylashgan Askiya dehqon bozori Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasiga 225,6 mlrd so‘mga sotilgandi. Xaridor bozor faoliyatini saqlab qolgan holda uni qayta qurishi: kamida 3000 kvadrat metr maydonga ega ekobozor, kamida 1200 kvadrat metr maydonga ega muzlatkichli ombor va kamida 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan yerosti avtoturargohini barpo etishi kerak.
Bundan tashqari, 2025-yil aprelda Mirobod tumanidagi Beshqo‘rg‘on bozori (“Risovyy” nomi bilan mashhur) filialining bino va inshootlari kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi. Uning o‘rnida ekobozor, do‘konlar, kinoteatrlar, bolalar maydonchalari, fitnes va biznes markazidan iborat 6 qavatli savdo majmuasini qurish reja qilingan.

