Toshkentda bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Quruvchi tashkilotning norasmiy rahbari gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan

Toshkent shahrining Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida qurilish ishlari olib borilganligi sababli jinoyat ishi ochildi.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, avval "Mahalla" xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan ushbu hudud keyinchalik "Al-Latif Hearts Tower" MChJga o‘tkazilgan. Rekonstruksiya va qo‘shimcha binolar qurish uchun tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirilgan.
Biroq, "Lolazor" mahallasi aholisi bu hududda yangi bino qurilishiga qarshi chiqqan. Shuningdek, "Mahalla" xayriya jamoat fondi va investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi ham bekor qilingan.
Shunga qaramay, 2026-yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangan, bu esa davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan.
Ushbu holat yuzasidan 2026-yil 27-iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan "Al-Latif Hearts Tower" MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi sifatida protsessual tartibda hibsga olingan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

