Mahalliy

Toshkent markazida to‘rtta ko‘p qavatli uy noqonuniy qurilgani ma’lum bo‘ldi

“New Port” turar joy majmuasi mas’ullari tomonidan uyi buzilgan vatandoshlarga kompensatsiya to‘lanmayotgani holati o‘rganib chiqildi. Prokuraturaning aniqlashicha, odamlarning uylari o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangan va bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar-joy binolari tegishli ruxsatnomasiz qurilgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.

Toshkent markazida to‘rtta ko‘p qavatli uyning noqonuniy qurilgani fosh etildi.

Joriy yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “New Port” turar-joy majmuasi mas’ullari tomonidan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Damariq MFY, A.Qahhor ko‘chasi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq to‘lanmagani va ushbu uyning noqonuniy buzilayotgani haqida video tarqaldi.

Toshkent shahar prokuraturasining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari yuqorida ko‘rsatilgan manzilda yashovchi fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmaganiga qaramay, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.

Shuningdek, qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan turib, ushbu hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar-joy binolarining o‘zboshimchalik bilan qurilgani ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan bo‘lib, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva shahar prokuroriga butun poytaxt bo‘yicha qurilishlarni inventarizatsiyadan o‘tkazishni buyurgan edi.

“Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi”, degandi Mirziyoyeva.

Avvalroq Olmazor tumanida qurilish olib borilayotgan hududda yer o‘pirilib tushgandi.

toshkentjinoyat ishikompensatsiyasaida mirziyoyevanoqonuniy qurilishuy buzilishiprokuraturaqurilish nazorati