Mahalliy

Toshkentda ko‘p qavatli uy yonidagi kotlovan o‘pirilib tushgani ortidan jinoyat ishi ochildi

Olmazor tumanidagi qurilishda kotlovan o‘pirilishi ortidan MCHJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hodisada 1 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Avvalroq shahar hokimligi jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida ko‘p qavatli uy yonidagi qurilish kotlovanining bir qismi o‘pirilib tushishi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov "Gazeta"ga ma’lum qildi.

Voqea 2-avgust kuni Orzu massivida, ko‘p qavatli uy yaqinida sodir bo‘lgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasining xabariga ko‘ra, qurilayotgan mehmonxona hududida kotlovan qazish jarayonida pudrat tashkilotining ehtiyotsizligi tufayli kotlovanning bir qismi o‘pirilgan.

Mazkur holat bo‘yicha aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish)da nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi ochilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa natijasida 1 kishi jarohat olgan va hozirda shifoxonada davolanmoqda. Avvalroq, voqea joyidan olingan videolardan birida jarohatlangan shaxs bo‘lishi mumkinligi aytilgan edi. Biroq, poytaxt hokimligi xabar e’lon qilingan vaqtda tibbiy yordam so‘rab hech kim murojaat qilmaganini ta’kidlagan edi.

Holat yuzasidan shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning topshirig‘iga binoan FVB, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari va Olmazor tumani hokimligi vakillaridan iborat tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Hokimlik xabarida shunday deyilgan: "Tekshiruv natijalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar, shubhasiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi".

abuse of powerinvestigationinjurypit collapsecriminal casetashkentconstruction accidentlabor protection violation