Mahalliy

Toshkentda ko‘p qavatli uy yonidagi qurilishda kotlovanning bir qismi qulab tushdi (video)

Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uy yonidagi qurilish obyektida kotlovan va asfalt yo‘lning bir qismi o‘pirilib tushdi. Tarqalgan videolarda elektr kabeli shikastlangani ham aks etgan. Hokimlik jabrlanganlar yo‘qligi, maxsus komissiya tuzilgani va aybdorlar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Toshkentda ko‘p qavatli uy yonidagi qurilishda kotlovanning bir qismi qulab tushdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Orzu massivida joylashgan ko‘p qavatli uy yaqinidagi qurilish kotlovanining bir qismi o‘pirilib tushganini aks ettiruvchi videolar tarqaldi.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu hodisa natijasida asfaltning bir qismi cho‘kkan va uning ostida butunlay bo‘shliq paydo bo‘lgan. Bu esa yo‘lning yanada cho‘kish xavfini keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, elektr kabeli shikastlanib, yong‘in chiqqani va natijada hudud elektr ta’minotisiz qolgani ma’lum qilingan. Tarqalgan videolarda hodisa oqibatida ishchilar orasida jarohatlanganlar borligi ko‘rinadi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, hozirda hodisa natijasida jabrlanganlar va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vaziyat shahar hokimining shaxsiy nazoratiga olingan. Uning topshirig‘iga binoan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari hamda Olmazor tumani hokimligi vakillaridan iborat tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Hozirda voqea joyida xavfli hududni o‘rab olish, unga kirishni cheklash va fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish bo‘yicha dastlabki choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondosh hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

“Tekshiruv natijalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar, shubhasiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlik tezkor ma’lumot taqdim etgani va faol fuqarolik pozitsiyasi uchun aholiga minnatdorlik bildirib, barcha qurilish ishlari ishtirokchilarini xavfsizlik me’yorlariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.

qurilishxavfsizlikkotlovanqulashelektr uzilishitergovjarohatlartoshkent