Toshkentda elektr tarmog‘i xodimi ish vaqtida narvondan yiqilib, vafot etdi
Toshkentning Shayxontohur tumanida elektr tarmog‘i xodimi ish vaqtidagi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u narvondan tushayotganda yiqilib, boshi temir konstruksiyaga urilgan. Hodisa yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Toshkentda elektr tarmog‘i xodimi ish vaqtida narvondan yiqilib, vafot etdi
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida elektr ta’minoti korxonasi xodimi ish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa natijasida vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.
Hodisa 9-iyul kuni ro‘y bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yoshli xodim elektr tarmog‘idagi nosozlikni bartaraf etgach, narvondan pastga tushayotgan paytida yiqilib ketgan. Oqibatda uning boshi temir konstruktsiyaga tegib, jarohat olgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevning so‘zlariga ko‘ra, xodim shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramay, vafot etgan.
Uning ta’kidlashicha, hodisa yuzasidan maxsus buyruq chiqarilgan bo‘lib, hozirda korxona mas’ullari va vakolatli organlar ishtirokida baxtsiz hodisaning sabablari o‘rganilmoqda.
Hodisa joyi tuman prokuraturasi xodimlari va tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirda Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Avvalroq Toshkentning Yashnobod tumanida 25 yoshli yigit beton plita bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Bu baxtsiz hodisa qurilish obyektida ish vaqtida sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 447 ta baxtsiz hodisa ro‘y berib, 494 nafar xodim jabrlandi, 137 nafari halok bo‘ldi. Hududlar kesimida Toshkent shahri va viloyati, sohalar kesimida esa sanoat va qurilish tarmoqlari baxtsiz hodisalar soni bo‘yicha yetakchilik qildi.

