Mahalliy

Toshkentda 2 mlrd so‘m kompensatsiyaga rozi bo‘lmay, uydan majburiy ko‘chirish vaqtida janjal chiqargan shaxs qamaldi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida uyidan majburiy ko‘chirilishga qarshilik ko‘rsatib, janjal chiqargan shaxs 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bir nechta fuqarolar o‘rtasidagi mojaroni aks ettiruvchi video muhokamalarga sabab bo‘lgan. O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2024-yil 4-noyabrdagi qarori bilan da’vogar MCHJning fuqaro A.D. va boshqalarni uydan ko‘chirish, kompensatsiya to‘lash hamda egalik huquqini tugatish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Sud ijro varaqasiga asosan, tuman MIB tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Yakkasaroy tumani Abdulla Qahhor 2-berk ko‘chasida joylashgan 2,75 sotix yer maydoni uchun da’vogar MCHJdan javobgar A.Djalilov va 11 kishi foydasiga jami 2 milliard 280 million 440 ming 563 so‘m miqdorida kompensatsiya undirilgan va ularning mulkka bo‘lgan egalik huquqi tugatilgan.

Biroq, xonadonda ro‘yxatda turuvchi R.P. va boshqalar MCHJ tomonidan to‘langan kompensatsiya pulidan norozi bo‘lib, ularga yana 1 milliard 135 million 742 ming 100 so‘m to‘lanishi kerakligini bildirgan va uyni bo‘shatishdan bosh tortgan.

2026-yil 26-mart kuni tegishli mutasaddilar fuqarolarni ushbu manzildan majburiy ko‘chirish uchun borganlarida, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, xonadondagi fuqarolar bilan janjallashib, jamoat tartibini buzgan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan A.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi hukmi bilan qonunbuzarga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Avvalroq Samarqandda uch kishi bir erkakni do‘pposlagani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Andijonda esa qo‘shnisining farzandini urib, jarohat yetkazgan erkak ushlanganligi xabar qilingan edi.

court orderforced evictioncompensation disputepublic disturbancetashkentminor hooliganismproperty rightsarrest