Mahalliy

Toshkentda qarovsiz qoldirilgan keksa ayolning uyi firibgarlik yo‘li bilan sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda

Toshkentda yolg‘iz yashovchi keksa ayolning uyi firibgarlik yo‘li bilan sotib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.

Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi, 1940-yilda tug‘ilgan L.J. ismli fuqaroning qarovsiz qoldirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqalganidan so‘ng, tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruv natijasida aniqlanishicha, L.J. sog‘lig‘i bilan bog‘liq kasalliklari tufayli dispanser hisobida turgan. Uning xonadoni 2025-yil 25-sentyabr kuni notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazib yuborilgan.

Uy-joyni begonalashtirish vaqtida ayolning o‘z harakatlarining ahamiyatini anglash va boshqarish qobiliyatiga oid holatlar hamda uning firibgarlik qurboni bo‘lgan ehtimoli mavjudligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ish bo‘yicha barcha holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona aniqlashga qaratilgan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda “Glamour Gold”dan xonadon olmoqchi bo‘lgan 300 ga yaqin kishi uysiz qolgani hamda Toshkentda xaridorga 80 ming dollarga tushgan “dom” rossiyalik merosxo‘rniki bo‘lib chiqqani haqida xabarlar berilgan edi.

legal proceedingstashkentcriminal investigationreal estateelderly fraudproperty fraudlonelinessvulnerable persons