Toshkentda birga yashagan ayolining 5 oylik chaqalog‘ini urib o‘ldirgan erkak 16 yilga qamaldi

Toshkent shahrida birga yashagan ayolining 5 oylik chaqalog‘ini urib o‘ldirgan 29 yoshli erkak 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
“Daryo” tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 14-fevral kuni soat 19:00 larda R.M.ning Yashnobod tumanidagi xonadonida sodir bo‘lgan.
O‘sha kuni R. spirtli ichimlik iste’mol qilib, uyga qaytgach mastlik ta’sirida uxlab qolgan. Uxlayotgan erkakni kechga yaqin besh oylik chaqaloqning tinimsiz yig‘isi uyg‘otib yuborgan. Shunda u ayoliga bolani tinchlatishni so‘rab baqiradi. Biroq uyda ayolining yo‘qligi va telefoniga javob bermaganidan jahli chiqadi.
Farzandi tug‘ilgach, menga munosabati sovuqlashdi. Ba’zan qayerga ketayotganini aytmasdan uydan chiqib ketar, telefonini ham o‘chirib qo‘yardi. Shundan keyin uni xiyonatda gumon qila boshladim. Telefonidan homilador bo‘lganidan keyin uni tashlab ketgan eski tanishi bilan yozishmalarini topdim. Agar men bilan yashamoqchi bo‘lsa, boshqa erkaklar bilan gaplashmasligini qat’iy aytdim. O‘sha kuni uyga kirganimda bola yolg‘iz yig‘lab yotganini ko‘rdim. Onasini izladim, topolmadim. Telefoni o‘chiq, dugonalari esa birga emasligini aytdi. Shunda xayolimga eski tanishi oldiga ketdi, deb o‘ylab, rashkim kela boshladi”, deya ko‘rsatuv bergan R.M.
Uning aytishicha, bola tinmay yig‘lagani uchun uni tinchlantirish maqsadida yuziga kaftining orqa tomoni bilan bir necha marta urgan. Biroq tinchlanmagach, yelkasi va bo‘ynidan ushlab bir necha bor siltagan, keyin kolyaskaga yotqizib, yana pivo olish uchun do‘konga chiqib ketgan.
Uyga qaytgach esa xonadondagi sukunatdan shubhalanib, bolaga qaragan. Uning ko‘karib qolganini ko‘rgach, tomir urishini va nafas olishini tekshirgan. Biroq unda hayot alomatlari sezilmagach, tez yordam chaqirgan. Mashina kechikayotgani sabab go‘dakni ko‘tarib ko‘chaga chiqqan va yo‘lda kelayotgan tez yordamni to‘xtatib, unda shifoxonaga yetib borgan. Ammo shifokorlar chaqaloq vafot etgani ma’lum qilishgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, chaqaloqning o‘limiga yopiq bosh jarohati va miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgan. Ekspertizada go‘dakda pnevmoniya, miokardit va gepatit kabi xastaliklar bo‘lsa-da, o‘lim aynan zarbalar oqibatida yuzaga kelganini bildirilgan.
Sudda ayol voqea sodir bo‘lgan kuni tanishining uyiga borganini aytib, telefoni buzilganligi sababli o‘chiq bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u bolasini erkakka ishongani uchun uyda qoldirib ketganligini ma’lum qilgan.
“Birga yashashni boshlaganimizda bolani o‘z farzandidek ko‘rishini bildirgandi. Hodisa yuz berguncha ham unga nisbatan yaxshi munosabatda edi. Shu sababli uni 5 oylik chaqaloqqa zarar yetkazishi mumkinligi xayolimga ham keltirmagandim”, deydi ayol o‘z ko‘rsatuvida.
Sud R.M. besh oylik chaqaloq o‘zini himoya qila olmasligini va katta odamning zarbalari unga jiddiy shikast yetkazishi mumkinligini anglaganini tan olib, qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.
R.M. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan aybdor deb topgan. Unga nisbatan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq Samarqandda 2 yoshli bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan ona va o‘gay ota javobgarlikka tortilgandi . Sud ularga nisbatan 11 yil va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagandi.
Abubakr Odiljonov

