Mahalliy

Qashqadaryoda xotiniga telefon otib boshini yorgan erkak 1,5 yilga qamaldi

Qashqadaryoda oilaviy janjal vaqtida xotinining boshiga telefon otib, unga tan jarohati yetkazgan erkakka sud hukmi o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumanida yashovchi 34 yoshli K.Q. 2025-yil sentyabrida turmush o‘rtog‘i F.E. bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

O‘shanda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudi unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2 million 60 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Biroq K.Q. belgilangan jazodan tegishli xulosa chiqarmasdan, turmush o‘rtog‘iga nisbatan zo‘ravonlikni davom ettirgan.

Navbatdagi janjal 2026-yilning 1-fevral kuni yuz bergan. O‘sha kuni K.Q.ning onasi, opasi va ukasi er-xotin yashayotgan ijaradagi uyga mehmonga kelgan. Biroq F.E. avvalgi kelishmovchiliklar sabab qaynonasini uyga kiritishni istamagan. Shu paytda K.Q. ishdan uyga kelganida holatni ko‘rib, jahli chiqqan va mehmonlarning oldida ayolining yuziga bir necha marta urgan.

Shundan keyin erkak ko‘chaga chiqib, sinfdoshlari bilan choyxonaga borgan va spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Soat 22:30 atrofida uyga qaytib, janjalni davom ettirgan va qo‘lidagi telefonni xotiniga qarata otgan. Telefon ayolning boshiga tegib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

“Boshimdan qon oqayotganini ko‘rsa-da, zo‘ravonlikni to‘xtatmasdan, turli joylarimga tepa boshladi. Qizimni undan himoya qilish uchun quchoqlab olganimda biqiniga tepib, bosh va yuzimga urdi. Qo‘shnilar chiqib, ajratishdi va shifoxonaga olib borishdi”, deya ko‘rsatuv bergan ayol.

Shifoxonada shifokorlar tez tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga, holat yuzasidan ichki ishlar organlarini xabardor qilishgan.

Sud majlisida erkak aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va yengillik berishni so‘ragan. Biroq ayol turmush o‘rtog‘i bilan yarashmasligini, eri undan kechirim so‘ramagani va yetkazilgan zararni qoplamaganini bildirib, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi K.Q.ni Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 3-qism bilan (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) aybdor deb topgan hamda unga nisbatan 1 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Shuningdek, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni undirish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo kiritish huquqi tushuntirilgan.

Avvalroq Toshkent shahrida uy masalasidagi nizo vaqtida sobiq erining qo‘lini tishlab olgan ayol 2 million 60 ming so‘m jarimaga tortilgani xabar qilingandi.

Abubakr Odiljonov

uzbekistandomestic violencecriminal convictionqashqadaryoassaultphone attackimprisonment