Yevropa futbol assotsiatsiyalari Jahon chempionatini boykot qilmoqchi

Yevropa futbol assotsiatsiyalari Jahon chempionatini boykot qilish niyatida
Yevropa futbol assotsiatsiyalari Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA)ning Jahon chempionati huquqlarining bir qismini tashqi investorlarga sotish rejalaridan norozilik bildirmoqda.
Sky News xabariga ko'ra, assotsiatsiyalar shu hafta favqulodda yig'ilish o'tkazishni rejalashtirmoqda. Agar FIFA prezidenti Janni Infantino o'z rejasini amalga oshirishda davom etsa, ular Jahon chempionatini boykot qilish imkoniyatini muhokama qiladilar.
"Bu futbol boshqaruv organlari hech qachon kesib o'tmasligi kerak bo'lgan qizil chiziq. UEFA bunga juda jiddiy yondashadi. Barcha milliy futbol assotsiatsiyalari ham shunday qilishi kerak. Barcha manfaatdor tomonlar: ligalar, klublar, o'yinchilar, muxlislar, hukumatlar va futbol kelajagi haqida qayg'uradigan har bir kishi shunday qilishi kerak. Hech birimiz futbolga egalik qilmaymiz. FIFAning uni sotishga haqqi yo'q", deyiladi UEFA bayonotida.
Sky News jurnalisti Rob Harrisning so'zlariga ko'ra, Jahon chempionati huquqlarining bir qismini tashqi investorlarga sotish rejasi 2026-yilgi Jahon chempionatidan oldin futbol assotsiatsiyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilinmagandi.

