Sport

Tanqidlar ko‘paymoqda, pullar ham: qanday qilib Janni Infantino hamon futboldagi eng yuqori lavozimda qolmoqda?

JCH 2026 tarixdagi eng serdaromad, ayni vaqtda eng ko‘p tanqidga uchragan turnirlardan biriga aylandi. Shunga qaramay, FIFA rahbari Janni Infantino hamon o‘z o‘rnida va keyingi muddatga saylanmoqchi. Qanday qilib Infantino tashkilot moliyasini qayta qurdi va 10 yildan ortiq lavozimida qolmoqda? Batafsil.

Tanqidlar kuchayib, pullar ko‘payayotgan bir paytda Janni Infantino qanday qilib futbolning eng yuqori lavozimida qolmoqda?

FIFA prezidenti Janni Infantino tashabbusi bilan kengaytirilgan formatda o‘tkazilayotgan 2026-yilgi Jahon chempionati FIFA tarixidagi eng yirik, eng daromadli va eng shov-shuvli turnirga aylandi. Atigi 11 yil oldin poraxo‘rlik va korrupsiya tufayli deyarli barbod bo‘lgan tashkilotda hozir har qachongidan ham ko‘proq pul aylanmoqda.

FIFA moliyasi turnirga bog‘liq to‘rt yillik sikllar asosida yuritiladi. Har to‘rt yildan uchtasida FIFA zarar bilan chiqadi. To‘rtinchisida, ya’ni erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘tadigan yilda esa o‘sha zararlarni qoplaydi va ustiga qo‘shimcha foyda ham oladi. Tashkilotning 2023−2026-yillardagi sikl uchun umumiy daromadi 13 milliard dollar miqdorida (oldingi siklga nisbatan 70 foizdan ziyodroq o‘sish) rejalashtirilgandi. 13 milliard dollardan 9 milliard dollari 2026-yilda — deyarli barchasi Jahon chempionati hisobiga olinishi kutilgandi.

Turnir yakuniga kelib, FIFA prezidenti Janni Infantino 2023−2026-yillardagi sikl uchun tashkilotning umumiy daromadlari joriy yilda 15 milliard dollardan ortishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu daromadlar joriy siklning o‘zida 2027−2030-yillardagi keyingi siklda olinishi kutilayotgan 14 milliard dollardan ham oshib ketishini anglatadi.

Infantino 2026-yilgi Jahon chempionatining katta muvaffaqiyat bilan o‘tishi butun dunyo bo‘ylab futbolga investitsiya kiritish uchun “bugun foydalanilmayotgan yangi imkoniyatlar” yaratganini hamda futbolni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkilotning “tijoriy salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishni” ko‘zlayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u “200 dan ortiq” a’zo assotsiatsiyalar uning navbatdagi (uchinchi to‘liq muddatga) qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlashga va’da berganini tasdiqladi.

Ayni paytda Infantino atrofidagi tanqidlar har qachongidan ham kuchliroq yangramoqda: chiptalarning misli ko‘rilmagan narxlari, taymlarni bo‘lib qo‘yayotgan suv ichish tanaffuslari, Donald Tramp bilan oshkora yaqinlik va boshqa mojarolar uning 2027-yilda qayta saylanish istiqbollariga soya solib turibdi. Umuman, Infantino davrida FIFAʼda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi, siyosiy betaraflik va tashkilot faoliyatining shaffofligi borasida savollar ko‘paymoqda.

The Athletic nashri FIFA moliyasiga bag‘ishlangan katta tahliliy maqola e’lon qildi. Maqola mualliflari tashkilot faoliyati va so‘nggi yigirma yillikka oid moliyasini chuqur o‘rganib, Infantino davrida tobora boyib borayotgan FIFA pulni qayerdan olyapti va qayerga sarflayapti, degan savollarga javob izlaydi. Gazeta quyida ushbu maqolaning tarjimasining ikkinchi qismini keltirib o‘tadi. Maqolaning birinchi qismini mana bu havola orqali o‘qish mumkin.

Infantinoning surbetlarcha dadillik bilan yangragan va’dasi oddiy va samarali edi.

Bu voqea fevral oyi oxirida, Shveysariyaning Syurix shahridagi Hallenstadion arenasida — Infantino tez orada tashkilotning to‘qqizinchi doimiy prezidenti sifatida faoliyat yurita boshlaydigan FIFA shtab-kvartirasidan 20 daqiqalik masofada yuz bergandi. Tashkilotning 2016-yilgi navbatdan tashqari Kongressida, Zepp Blatterning vorisini saylash uchun o‘tkazilgan ovoz berish oldidan qilgan so‘nggi nutqida Infantino a’zo mamlakatlarga qarata shunday degandi: “FIFAʼning puli — sizning pulingiz”.

Bu uning o‘shandan beri takrorlab keladigan, gulduros qarsaklarga sabab bo‘lgan va uni jahon futboli cho‘qqisiga olib chiqqan jumlasi edi. Infantino bu jumla orqali kelasi yili qayta saylanish uchun nomzodini qo‘yib, raqobatchilarsiz g‘olib bo‘lib, o‘z o‘rnini saqlab qolsa ham, ajablanmaslik lozim. Uning davrida a’zo mamlakatlarga to‘lanadigan mablag‘lar miqdori keskin oshib ketdi.

U prezidentlikka kelishi bilan tashkilot o‘zining FIFA Forward dasturini ishga tushirdi. FIFAʼning ta’biri bilan aytganda, bu dastur boshidanoq bir qadar balandparvoz gaplar bilan ta’riflangandi. FIFA Forward “futbol kelajagi yo‘lidagi ulkan sakrash” edi, “diskriminatsiya to‘siqlarini yo‘q qilishga xizmat qilardi” va “oqilona boshqaruv hamda shaffoflikning xalqaro standartlariga javob beradigan tarzda ishlab chiqilgandi”.

Bularning barchasi qay darajada haqiqat bo‘lishidan qat’i nazar, bir narsa aniq edi: FIFAʼga a’zo assotsiatsiyalar ancha ko‘proq pul ola boshlashdi.

Blatter davrida amal qilgan eski Financial Assistance Programme orqali FIFAʼning o‘sha paytdagi 209 a’zo mamlakati 2011−2014-yillar davomida jami 433,7 million dollar — har biri taxminan 2,1 million dollardan mablag‘ olgan. Dunyoning oltita konfederatsiyasi — AFC, CAF, CONCACAF, CONMEBOL, OFC va UEFA — har biri 20 million dollardan olgan. A’zolar Goal Programme kabi yo‘nalishlardan ham qo‘shimcha mablag‘lar olishgan (to‘rt yillik davrda jami 123 million dollar), lekin ajratilgan umumiy summa 721,5 million dollarni, ya’ni konfederatsiyalarga ajratilgan mablag‘lar chegirib tashlangach, har bir a’zoga 3 million dollardan kamroq mablag‘ni tashkil etgan.

Bir kechada hammasi o‘zgardi.

2016-yilning mayidan 2018-yil oxirigacha amal qilgan FIFA Forward 1.0 dasturi doirasida FIFA 1,079 milliard dollar mablag‘ ajratdi. Dastur to‘liq to‘rt yillik davrdan 17 oy kamroq ishlagan bo‘lsa-da, bu avvalgi davrdagi summaga nisbatan 357,1 million dollarga (49 foizga) ko‘p edi.

Forward 1.0 dasturi to‘rt yillik davrda har bir a’zoga 5 million dollargacha mablag‘ ajratgan bo‘lsa, Forward 2.0 bu miqdorni 6 million dollargacha oshirdi. Joriy yilda yakunlanadigan Forward 3.0 dasturi esa a’zo assotsiatsiyalarga to‘rt yil davomida 8 million dollargacha, hududiy va mintaqaviy assotsiatsiyalarga 5 million dollargacha, konfederatsiyalarga esa 60 million dollargacha mablag‘ beradi.

Umuman olganda, 2026-yilda budjetda rejalashtirilgan 792 million dollarni hisobga olsak, FIFA Forward dasturi o‘n yildan sal ko‘proq vaqt ichida 5,042 milliard dollar mablag‘ ajratgan bo‘lib chiqadi. Assotsiatsiyalarga beriladigan umumiy summa esa bundan ham yuqori bo‘ladi.

Ushbu Jahon chempionatidan kelib tushadigan mablag‘larning katta bir qismi 2026-yildan boshlab a’zolar va konfederatsiyalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Joriy davr budjetida, Forward dasturidan alohida, lekin u bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Futbolni rivojlantirish jamg‘armasiga (Footbal Development Fund, FDF) 660 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

FIFAʼga ko‘ra, FDFʼning maqsadi “FIFAʼning futbolni chinakam global sport turiga aylantirish bo‘yicha strategik maqsadini mustahkamlash, bunga, xususan, FIFAʼga a’zo barcha assotsiatsiyalar va konfederatsiyalarni futbolning barcha shakllari va barcha darajalarida rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarida qo‘llab-quvvatlash orqali erishish”dan iborat.

Ushbu 660 million dollarlik ulkan mablag‘ qanday taqsimlanishi haqidagi tafsilotlar ochiqlanmadi, shuningdek, Qatar-2022 ortidan FDF uchun ajratilgan 27 million dollar 2025-yil oxiriga kelib ham o‘zlashtirilmay qoldi. Biroq bularning barchasi a’zolar uchun yanada ko‘proq mablag‘ degani. Umuman olganda, 2016-yildan beri Forward va FDF dasturlari doirasida jami 5,730 milliard dollar ajratilgan.

Infantinoning a’zolarga avvalboshdan bergan va’dasining natijalaridan biri shuki, daromadlar oshgani sari taqsimlanadigan mablag‘lar ham ko‘payishi kerak. 2027−2030-yillardagi sikldan boshlanishi rejalashtirilgan FIFA Forward 4.0 dasturi budjetida a’zolarga 2,7 milliard dollar to‘lash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu Forward dasturining joriy davrida ajratilgan salmoqli mablag‘dan 20 foizga ko‘pdir.

Shunisi e’tiborliki, keyingi budjetda FDF xarajatlari uchun hech qanday band ko‘zda tutilmagan. FIFA Forward doirasidagi to‘lovlar oshganini alohida ta’kidlaganiga qaramay, 660 million dollarlik FDF jamg‘armasining yo‘q bo‘lib qolishi a’zolarga to‘lanadigan mablag‘lar aslida keyingi davrda kamayishini anglatadi: ya’ni Forward va FDF bo‘yicha umumiy hisobdagi 2,91 milliard dollar Forward 4.0 doirasidagi 2,7 milliard dollargacha pasayishi kutilmoqda.

FIFA vakili 2027−2030-yillar davrida a’zolarga to‘lanadigan to‘lovlarning kamayishi haqidagi taqdimotga e’tiroz bildirdi. U FDF doirasida ajratilgan 660 million dollar 2026-yil hisobiga to‘g‘ri kelishiga qaramay, amaldagi to‘lovlar faqat shu yili amalga oshirilmasligini ta’kidladi. FIFAʼga ko‘ra, “ortiqcha mablag‘lardan 2026-yilda va undan keyingi yillarda ham foydalanish mumkin bo‘ladi”. Shuningdek, FIFA o‘z budjetlarini ko‘pincha davr o‘rtasida qayta ko‘rib chiqishini, shu sababli Forward 4.0 budjeti ham hali oshishi mumkinligini qayd etdi.

Forward dasturi e’lon qilinganidagi dastlabki balandparvoz gaplar FIFA a’zolarning mablag‘lardan qanday foydalanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishiga ishora qilgandek bo‘lgandi, lekin amalda ajratilgan mablag‘larning deyarli barchasi to‘lab berildi. 2025-yil oxirigacha Forward va FDF uchun ajratilgan 4,278 milliard dollardan 3,978 milliard dollari (93 foizi) to‘lab berilgan. Bugungi kunda 211 ta a’zo assotsiatsiyadan 160 tasi o‘zlariga ajratilgan mablag‘ning 90 foizini yoki undan ko‘prog‘ini olib bo‘lgan. Faqat uchtasi — Yaman, Shimoliy Koreya va Iroq — yarmidan kamini olgan.

FIFA matbuot kotibi The Athletic nashriga bu masala yuzasidan bergan avvalgi bayonotida shunday degan edi: “FIFA Forward dasturiga ko‘ra, 211 a’zo assotsiatsiyaning har biri bir xil huquq va majburiyatlarga ega… mablag‘ oluvchilarning har biri jahon darajasidagi mustaqil auditorlar tomonidan o‘tkaziladigan yillik markaziy auditdan o‘tadi”.

Taklif etilayotgan mablag‘lar juda katta — eng kamida, FIFAʼning kambag‘alroq a’zo mamlakatlari uchun. Infantino va FIFAʼga qanday salbiy tanqidlar yog‘ilishidan qat’i nazar, ko‘pchilik uning ortidan saf tortishda davom etayotgani ajablanarli emas. Uning 150 ta mamlakatda futbol u rahbarlik qilayotgan tashkilotning yordamisiz mavjud bo‘lmasligi haqidagi da’vosi hech qachon, eng kamida ochiqchasiga, FIFA tomonidan jiddiy asoslab berilmagan. Lekin ishonch bilan aytish mumkinki, uning sa’y-harakati bilan ko‘plab milliy assotsiatsiyalar har qachongidan ham boyib ketdi.

Xarajatlardagi eng katta siljish rivojlanish sohasida yuz berganiga qaramay, FIFA asosan musobaqa tashkilotchisi, undan ham muhimi, Jahon chempionati tashkilotchisi bo‘lib qolmoqda. 2023−2026-yillar budjetida musobaqalar va tadbirlar uchun 7,5 milliard dollar ajratilgan bo‘lib, buning qariyb yarmi 2026-yilgi erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun mo‘ljallangan.

Bu boshqa maqsadlar uchun tashkilot ixtiyorida yana 3,7 milliard dollardan ortiq mablag‘ qolishini anglatadi. Buni asosan FIFAʼning bir yil avval AQShda kengaytirilgan va ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini joriy etgani va shu orqali o‘zining moliyaviy “tegirmoni” uchun yana bir manbaga ega bo‘lgani bilan izohlash mumkin.

Har yili o‘tkaziladigan kichikroq formatdagi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining eski shaklida FIFA 2019−2022-yillardagi siklda to‘rtta turnirga jami 93 million dollar sarflagan edi. 2023-yil dekabr oyida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan va “Manchester Siti” g‘olib chiqqan, yetti jamoa ishtirokidagi 10 kunlik turnirni o‘tkazish FIFAʼga 23 million dollarga tushdi. Oradan ikki yil o‘tib, o‘tgan yozda bo‘lib o‘tgan 32 jamoa ishtirokidagi, bir oy davom etgan musobaqa uchun 2 milliard dollar budjet ajratildi va FIFA undan tushgan daromadning 100 foizini sportga qayta yo‘naltirishga va’da berdi.

Kutilganidan yuqori bo‘lgan marketing huquqlari sotuvi hamda oziq-ovqat va ichimliklar savdosi, avtoturargoh to‘lovlari va mezbon shahar hissalaridan tushgan 40 million dollardan ortiq mablag‘ chiptalar sotuvi va mehmondo‘stlik paketlari budjetidagi 89 million dollarlik kamomadni qopladi. Natijada, ushbu daromadlar budjetda rejalashtirilganidan 126 million dollarga ko‘proq bo‘ldi. Shu bilan birga, FIFA operatsion xarajatlarga 61 million dollar kamroq sarfladi.

Bu taqsimlanishi kerak bo‘lgan 187 million dollar qolganini anglatardi. FIFAʼning futbol taqvimiga yana qo‘shimcha o‘yinlar kiritishiga asoslaridan biri — topilgan har qanday mablag‘ni klublar futboliga berish edi. Natijada, musobaqada qatnashmaydigan jamoalar uchun “birdamlik” jamg‘armasi 100 million dollardan 250 million dollarga oshirildi, qolgan 37 million dollar profitsit esa “musobaqaning uzoq muddatli kelajagini himoya qilish” uchun ajratildi.

Turnir tugaganiga deyarli bir yil bo‘lgan bo‘lsa-da, bu haqda hali batafsil ma’lumot berilmagan. Infantino FIFAʼning 2025-yilgi yillik hisobotiga yozgan so‘zboshisida “natijada olingan mukofot pullari va birdamlik yordami 32 ta ishtirokchi klubdan ancha kengroq doiraga yetib borganini” ta’kidlagan. Biroq, ayni hisobotda FIFA aslida hali ham “birdamlik sxemasini amalga oshirish” jarayonida ekani va 2025-yilda o‘sha 250 million dollardan hech qanday to‘lov amalga oshirilmagani batafsil bayon etilgan.

FIFAʼning ikkinchi eng yirik tadbiri ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib, 2023-yilda uni o‘tkazish uchun 500 million dollar sarflangan va turnir o‘zini o‘zi qoplagan. 2027-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi chempionat uchun esa xarajatlar budjeti 800 million dollargacha oshirilgan. Atigi yetti yil avval — 2019-yilda Fransiyada o‘tgan musobaqa 157 million dollarga tushgan edi; boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, ayollar futboliga qiziqishning jadal o‘sishi FIFA raqamlarida ham o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari, FIFA daromad nuqtai nazaridan unchalik ko‘p foyda keltirmaydigan, lekin futbol ekotizimidagi turli manfaatlarga xizmat qiladigan ko‘plab musobaqalarni ham o‘tkazadi.

2025-yilda o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarining har biri uchun taxminan 8 million dollar sarf qilingan; o‘sha yili Chilida bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi Jahon chempionati esa bundan qariyb uch baravar ko‘proq mablag‘ talab etdi. Kibersport turnirlari (23 million dollar), Qit’alararo kubok (18 million dollar), Ayollar futzali bo‘yicha Jahon chempionati (11 million dollar) va Plyaj futboli bo‘yicha Jahon chempionati (11 million dollar) kabi kamroq e’tibor tortadigan boshqa tadbirlar ham FIFA xarajatlarining eng katta qismi bo‘lib qolayotgan musobaqalar budjetidan millionlab dollarlarni “yeb yubordi”.

FIFA o‘z mablag‘larining qancha qismi futbolga qayta sarmoya qilinayotganiga urg‘u berishga urinadi va bu joriy davrda umumiy xarajatlarning 90 foizini tashkil etishini qayd etgan, biroq FIFA tashkilotini boshqarish xarajatlariga kamroq e’tibor qaratiladi.

Kadrlar bilan bog‘liq xarajatlar, hatto erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati kabi tadbirlarga bevosita taalluqli bo‘lgan qismini hisobga olmaganda ham, joriy davrda 994 million dollarga yetishi prognoz qilinmoqda, bu 2015−2018-yillarga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p. Bu umumiy inflyatsiyani ham, FIFA xodimlari sonining o‘sishini ham aks ettiradi, biroq shunga qaramay, sportning global boshqaruv organini yuritish qanchaga tushayotganini ko‘rsatadi. 2027−2030-yillar budjetiga yana taxminan 300 million dollar qo‘shilgan.

2016-yilda prezidentlikka saylangani munosabati bilan qilgan nutqida Infantino a’zolarga shunday degan edi: “Biz FIFAʼning mavqeyi va unga bo‘lgan hurmatni tiklaymiz, butun dunyo bizni va kelajakda FIFAʼda qiladigan ishlarimiz uchun barchangizni olqishlaydi”.

Bu da’voga ishonish hech qachon hozirgidek qiyin bo‘lmagan, lekin Infantino islohotlar haqida gapirganda, o‘zi kelganida guvoh bo‘lgan tashkilotning “shishirilgan” ichki tuzilmasini qisqartirishni nazarda tutmagan bo‘lsa kerak. Yoki nazarda tutgan bo‘lsa ham, bu faqat qisqa muddatga bo‘lgan. Zero, 2016-yilda FIFAʼning navbatdan tashqari Kongressida qabul qilingan chora-tadbirlar, o‘sha paytdagi tahlil hay’ati ta’biri bilan aytganda, “samaradorlikni oshirish” uchun doimiy qo‘mitalar sonini Blatter davridagi 26 tadan atigi yettitaga kamaytirgan edi.

Shunga qaramay, o‘shandan beri Infantino prezidentligi davrida FIFAʼning ko‘lami yana kengaydi.

O‘tgan yilning oktabr oyida FIFA Kengashi turli doimiy qo‘mitalarga 500 dan ortiq a’zoni tayinladi. Hozirda bunday qo‘mitalarning soni 30 taga yetgan bo‘lib, bularga to‘rtta mustaqil qo‘mita va, albatta, FIFA Kengashining o‘zi ham qo‘shiladi. Ayni paytda Kengash Infantinoning o‘zini qo‘shganda 36 a’zodan iborat bo‘lib, bu uning o‘tmishdoshi — 2010-yillar o‘rtalarida janjallar botqog‘iga botgan 24 a’zoli Ijroiya qo‘mitasiga nisbatan 50 foizga ko‘p.

Kengashning sakkiz nafar vitse-prezidenti yiliga 300 ming dollardan maosh oladi; boshqa a’zolar esa 250 ming dollardan oladi. Bundan tashqari, FIFA ishi bilan yurganda kuniga 250 dollargacha bo‘lgan xizmat safari puli to‘lanadi va tashkilot pensiya badallarini ham qoplaydi. Bunga doimiy qo‘mitalar rahbarlarining maoshlarini, shuningdek, uchta mahkama organi — Axloq, Intizom va Apellyatsiya qo‘mitalarini boshqarish xarajatlarini qo‘shsangiz, ancha katta mablag‘ haqida gap ketayotganini anglaysiz. Birgina 2025-yilning o‘zida FIFAʼning boshqaruv va ma’muriy xarajatlari 254,3 million dollarni tashkil etdi. Shuning ichida Infantinoning maoshi ham bor: 2025-yilda 6 million dollar, bu bir yil ichida 29 foizga o‘sgan va to‘qqiz yillik rahbarlik davrida jami 30 million dollardan oshib ketgan.

Boshqaruv xarajatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetib ulgurgan, bundan keyin ham faqat o‘sishi kutilmoqda. Joriy sikl davomida bu ko‘rsatkich 905 million dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. 2027−2030-yillar budjetida esa bu summa 1,087 milliard dollarni tashkil etadi.

Bu o‘sishning asosiy qismi kadrlar bilan bog‘liq xarajatlar hissasiga to‘g‘ri keladi va ularni kelgusi siklda 86 million dollarga (25 foizga) oshirish rejalashtirilgan. Bu xodimlar sonining ko‘payishi hisobigami yoki shunchaki mavjud lavozimlarga ko‘proq maosh to‘lanishi bilan bog‘liqmi, hozircha noma’lum. Inflyatsiyaning tabiatini inobatga olganda, maoshlarning vaqt o‘tishi bilan oshishi tabiiy hol, biroq FIFAʼni boshqarish xarajatlari faqat bir yo‘nalishda, ya’ni yuqoriga qarab ketmoqda.

Kadrlar bilan bog‘liq xarajatlar ortishi fonida, FIFA budjetiga ko‘ra, tashkilotning yuridik xarajatlarini ham ikki baravardan ko‘proqqa oshirish rejalashtirilgan: joriy siklda ularning hajmi 55 million dollarni tashkil etsa, kelgusi siklda 119 million dollargacha oshadi. Buning sababi bo‘yicha hech qanday tafsilot berilmagan; FIFA The Athletic nashrining bu boradagi savollariga javob qaytarmadi.

So‘nggi budjetda rahbariyatga qancha mablag‘ ajratilishi ham ochiqlanmagan. Lekin 2025-yilda bu toifadagi xarajatlarning sezilarli o‘sishi kuzatilgan, o‘sishning salmoqli qismi esa Infantinoning oshirilgan maoshiga borib taqaladi. Blatter davrining so‘nggi yillari bilan taqqoslaganda, bunday xarajatlar ancha maqbul ko‘rinadi, ayniqsa, jadal oshayotgan daromadlarning foizi sifatida qaralsa. Shunga qaramay, FIFAʼning yuqori pog‘onasidagi lavozimlar hali ham serdaromadligicha qolmoqda va xarajatlar deyarli cheklanmagan. Birgina FIFAʼning yillik kongressini o‘tkazishning o‘zi hozirda 30 million dollarga tushyapti.

FIFAʼning “shishib ketgan” tuzilmasi sabab tashkilot xarajatlarini tushunishga urinish deyarli Sizif mehnatidek gap. The Athletic nashri FIFAʼning qariyb yigirma yillik moliyaviy hisobotlarini o‘rganib, birgina xarajatlar bo‘yicha 4000 ga yaqin alohida ma’lumotlar to‘pladi. Bu tashkilotning qanchalik katta mablag‘lar sarflashi va mablag‘ oluvchilarning keng doirasini aks ettiradi.

Hamma narsani qamrab olish shundoq ham uzun maqolani yanada uzaytirib yuborgan bo‘lardi, lekin shularning orasida bir xarajat moddasi borki, u FIFAʼning so‘nggi hisobotlarida tilga olinmagani bilan ajralib turadi.

Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati guruh bosqichi qur’a tashlash marosimida Infantino tomonidan AQSh prezidenti Donald Trampga laganbardorlik bilan topshirilgan ilk FIFA Tinchlik mukofoti 2025-yilgi yillik hisobotda “Futbol dunyoni birlashtiradi” shiori bilan birga tilga olinadi. Biroq moliyaviy bo‘limdagi ko‘plab xarajatlar qatorida uning aniq izi yo‘q. Vaholanki, hajman ancha katta bo‘lgan bu sovrin oltindan yasalgan, degan taxminlar bor edi.

Bu haqda so‘ralganda, FIFA vakili Tinchlik mukofoti uchun alohida xarajat moddasi bo‘lishini kutmasligini aytib, FIFA har yili topshiradigan, lekin kamtarroq va shov-shuvsiz o‘tadigan boshqa mukofotlarni misol qilib keltirdi.

FIFA Trampga topshirilgan mukofotning qanday elementlardan yasalganini tasdiqlay olmadi. Lekin Ali Ibadullayev buni tasdiqladi.

Tinchlik mukofotini yaratgan ikki ozarbayjonlik haykaltaroshdan biri bo‘lgan Ibadullayev bilan The Athletic bog‘landi va u sovrinning “to‘laligicha bronzadan yasalganini” tasdiqladi.

FIFAʼning futbol orqali daromad topishi eski va hammaga ayon haqiqat. Tabiiyki, bu tashkilotning ulkan miqdorda naqd pulga ega ekanidan dalolat beradi. 2025-yil oxirida FIFAʼning naqd pul balansi 1,180 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2024-yilga nisbatan 684 million dollarga ko‘p bo‘lib, asosan Jahon chempionati translyatorlari va homiylarining shu yozgi turnir uchun oldindan to‘lov qilgani bilan izohlanadi.

Kamroq ma’lum bo‘lgan daromad manbalaridan biri FIFAʼning bu ulkan mablag‘lardan qanday foydalanishi bilan bog‘liq. Daromadlar va profitsitlar oshgani sari, tashkilotning moliyaviy aktivlari yoki sodda qilib aytganda, uning investitsiyalari ham o‘sib bordi.

2011-yilda yangi investitsiya strategiyasi tasdiqlandi. Bungacha FIFA katta miqdordagi naqd pul mablag‘larini shunchaki saqlab, ulardan foydalanishga urinmagan edi; endilikda esa bu mablag‘larni foiz olish orqali daromad keltiradigan qisqa va uzoq muddatli obligatsiyalarga investitsiya qilish uchun ruxsat berildi.

Tashkilot mablag‘laridan investitsion maqsadlarda foydalanishga ruxsat etilishi bilanoq taxminan 800 million dollar miqdoridagi mablag‘ qarz qimmatli qog‘ozlari va depozitlarga yo‘naltirildi. O‘shandan beri bu investitsiyalarning tarkibi ham, hajmi ham o‘zgarib bordi.

2018-yilning oktabr oyida FIFA Kengashi tashkilotning moliyaviy aktivlarni boshqarish qoidalarini yangilab, unga mavjud obligatsiyalar va pul bozori vositalaridan tashqari aksiyalarga ham sarmoya kiritishni boshlash imkonini berdi.

Odatda tavakkalchiligi yuqori, lekin daromadi ham shunga yarasha bo‘lgan aksiyalarga investitsiya kiritish, garchi FIFA faoliyatining kichik bir qismi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa ham, o‘sha vaqtdan beri ortib bormoqda. FIFA Kengashining bu ruxsati tashkilot investitsiya portfelining 5 foizigacha bo‘lgan qismini aksiyalarda saqlash imkonini bergan, lekin 2025-yil oxirida FIFA moliyaviy aktivlarining atigi 2,5 foizi aksiyalarda edi. Sakkiz yil avvalgi siyosat o‘zgarishidan beri bu ulush taxminan shu darajada saqlanib kelmoqda.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida, a’zo assotsiatsiyalar va konfederatsiyalarga COVID-19 oqibatlarini yumshatishda yordam sifatida berilgan 89 million dollarlik kreditlarni hisobga olmaganda, FIFAʼning moliyaviy aktivlari roppa-rosa 5,684 milliard dollarni tashkil etdi. Uning asosiy qismi qarz qimmatli qog‘ozlari (3,225 milliard dollar) va pul bozori fondlarida (1,936 milliard dollar) saqlanadi. The Athletic nashriga bir manba buni “konservativ” va “diversifikatsiyalangan” deb ta’rifladi. Boshqacha aytganda: tavakkalchiligi past.

Hatto katta tavakkalchiliksiz ham FIFA investitsiyalarining hajmi shu qadar kattaki, ular sezilarli daromad keltiradi. Birgina 2025-yilning o‘zida ushbu moliyaviy aktivlardan 93,7 million dollar miqdorida foiz daromadi olingan, yana 24,7 million dollar esa naqd pul qoldig‘ining hajmi hisobidan kelib tushgan.

Ushbu siklning dastlabki uch yilida FIFAʼning foizlardan olgan daromadi 371,1 million dollarni tashkil etdi, moliyalashtirish faoliyatidan ko‘rilgan umumiy foyda esa bundan-da yuqori bo‘ldi. FIFA valyuta kurslarining tebranishidan ham o‘zini himoyalaydi va jahon miqyosida foiz stavkalarining oshishi tashkilotning moliyaviy natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 2023−2025-yillar oralig‘idagi moliyaviy daromadlar jami 672,6 million dollarni tashkil etadi, bu esa oldingi 15 yilning umumiy ko‘rsatkichidan 200 million dollarga ko‘pdir.

Buning pul oqimiga ta’siri kamroq bo‘lsa ham, salmoqli. So‘nggi uch yil ichida FIFAʼning foizlardan olgan sof pul mablag‘lari 295,9 million dollarni tashkil etdi, 2019−2022-yillardagi siklda bu ko‘rsatkich 142 million dollar edi. O‘tgan o‘n yil davomida moliyaviy investitsiyalarga jami 3,918 milliard dollar sof mablag‘ kiritildi va buning samarasi endi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

FIFA bunday katta mablag‘larni faqat maydondagi tadbirlar orqaligina qo‘lga kiritayotgani yo‘q.

Bu investitsiyalar so‘nggi sikllardagi voqelikni yanada yaqqol ko‘rsatib berdi: FIFAʼni yuritish katta xarajatlarni talab qilishiga qaramay, tashkilot baribir sarflaganidan ancha ko‘p daromad oladi. Daromadlar xarajatlardan sezilarli darajada oshib ketgani tufayli, XXI asrda FIFA zaxiralari tanib bo‘lmas darajada ko‘paydi.

2000-yillarning boshlarida tashkilotning moliyaviy ahvoli juda ayanchli edi. O‘sha vaqtda jahon futboli boshqaruv organi Jahon chempionati uchun tele-translatsiya huquqlari bo‘yicha muzokaralarni olib borgan media va marketing hamkori — International Sport and Leisure (ISL) kompaniyasining bankrotligidan aziyat chekayotgandi (darvoqe, keyinchalik ISL FIFAʼning bir nechta amaldorlariga pora bergani aniqlangan). 2003-yilda, bir yil avval Yaponiya va Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan kutilganidan ham ko‘proq daromad olinganidan keyin ham, FIFA zaxiralari atigi 76 million dollarni tashkil etgan.

Oradan yigirma yil o‘tib, erkaklar o‘rtasidagi navbatdagi Jahon chempionati bu zaxiralarni yanada oshirishidan avval, FIFAʼning zaxira mablag‘lari miqdori 2,699 milliard dollarga yetgan. Bu Qatarda o‘tgan 2022-yilgi Jahon chempionatidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdan (3,971 milliard dollar) pastroq, lekin har bir Jahon chempionati yilida bo‘lgani kabi, 2026-yilda ham katta profitsit kutilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi o‘n yil ichida FIFA doimiy ravishda o‘zining yillik budjet rejasini ortig‘i bilan bajarib kelgan, shu sababli bu yilgi natijalar hozirgacha bashorat qilinganidan oshib ketsa ajab emas.

Bu yil FIFAʼning moliyaviy holati, ehtimol, har qachongidan ham hayratlanarli. Agar tashkilot odatiy yuqori natijalar tendensiyasidan chetga chiqib, 2026-yilgi budjet rejasining o‘zinigina bajargan taqdirda ham, zaxiralar miqdori 5,769 milliard dollargacha oshadi. Ochig‘ini aytganda, bu juda katta pul. Bu, jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi har qanday sport tashkilotining eng yuqori zaxirasi bo‘lib, hatto Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) zaxiralarini ham ortda qoldiradi. XOQ har to‘rt yilda ikki marta (yozgi va qishki) Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishi kerakligini hisobga olsak, aslida FIFAʼning “xavfsizlik yostiqchasi” yanada kattaroq ekanini ko‘ramiz.

Zaxiralar miqdori qanchalik ko‘p bo‘lsa, “haddan tashqari ko‘p” hisoblanadi, degan savolga FIFA javob bermadi.

Har qanday notijorat tashkilot singari, FIFA ham daromadlari kamaygan taqdirda zaxira (bufer) saqlashi kerak. Pandemiya bunga yaqqol misol bo‘la oladi: FIFAʼning zaxiralari unga 211 ta a’zo assotsiatsiyasi va oltita mintaqaviy konfederatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollargacha mablag‘ni tezda safarbar etish imkonini berdi. Oxir-oqibat sarflangan mablag‘lar bu miqdorga yaqin ham kelmadi, shunga qaramay, zarurat tug‘ilganda imkoniyat mavjud edi.

FIFA The Athletic nashrining zaxiralarning qaysi darajasi yetarli deb hisoblanishi yoki nima uchun zaxiralar hajmi bu yil 6 milliard dollarga yaqinlashayotganiga qaramay, 2027−2030-yillar uchun yana 100 million dollar profitsit rejalashtirayotgani (garchi tarix bu ko‘rsatkich osonlikcha ortig‘i bilan bajarilishini ko‘rsatsa ham) haqidagi savollariga javob bermadi. Biroq FIFA moliyasi haqida rasman izoh berish vakolatiga ega bo‘lmagani uchun ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan manba zaxiralarning to‘xtovsiz to‘planishini erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatining kengayishi bilan bog‘ladi. Agar turnir kutilmaganda bekor qilinsa, FIFA zimmasiga ulkan moliyaviy majburiyatlar tushadi. Bunday katta zaxiralar esa bu xavfni kamaytirishga yordam beradi.

So‘nggi sikllarda to‘plangan ortiqcha mablag‘larning hammasi ham saqlab qolinmadi.

2019−2022-yillar oralig‘ida 1,2 milliard dollarlik profitsit yuzaga kelishi kutilgani sababli, 2022-yilning fevral oyida FIFA “Arsenal”ning sobiq murabbiyi Arsen Venger va AQSh ayollar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Jill Ellis boshchiligida yangi tashkil etilgan Iste’dodlarni rivojlantirish dasturiga (Talent Development Scheme, TDS) 209,6 million dollar ajratdi.

2025-yil oxiriga kelib, bu mablag‘ning 119,6 million dollari sarflandi va FIFA o‘zining yillik hisobotida “180 dan ortiq a’zo assotsiatsiyalarda qizlar va o‘g‘il bolalar uchun iste’dodlarni rivojlantirishning individual yo‘llarini mustahkamlash maqsadida” 600 ta “maxsus loyiha” amalga oshirilganini faxr bilan ko‘rsatib o‘tdi. TDS doirasida 45 ta FIFA Iste’dodlar akademiyasi tashkil etilib, 2027-yilgacha ularning sonini 100 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shunga qaramay, Infantino davrida FIFA zaxiralari tez sur’atlar bilan o‘sdi va uning 2016-yilgi inauguratsiya yilidan keyingi qariyb 1 milliard dollarlik miqdordan besh yarim barobar oshishi kutilmoqda. Uning davrida assotsiatsiyalarga va shunga o‘xshash tashkilotlarga har qachongidan ham ko‘proq pul taqsimlanmoqda, lekin FIFA zaxiralarida yana deyarli shuncha mablag‘ qolayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Bu o‘sish qayerda to‘xtashini hech kim bilmaydi. Lekin bu holat “har bir dollar futbol rivojiga qaytadi” degan da’voga boshqacha nazar tashlashga majbur qiladi.

Erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati, har qanday mezon bilan olganda, olamshumul voqelik. Yozgi Olimpiya o‘yinlari qatorida sayyoramizdagi eng ko‘p tomosha qilinadigan sport tadbiri sifatida doimiy tilga olinadigan ushbu musobaqaning FIFAʼning hozirgi shaklda yashab qolishida tutadigan o‘rnini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. O‘zining eng muhim turnirisiz jahon futbolining boshqaruv organi hozirgidek katta mablag‘ to‘play olmas edi.

Ushbu asrda har bir musobaqadan olinadigan profitsit keskin oshib bordi.

2006-yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati FIFAʼning sof daromadiga 1,554 milliard dollar qo‘shdi. 2022-yilga kelib esa, mezbon davlat Qatarning 123 million dollarlik hissasini hisobga olgandan so‘ng, bu ko‘rsatkich 4,606 milliard dollarni tashkil etdi.

2026-yilgi Jahon chempionati sof daromadga qancha hissa qo‘shishi hozircha noma’lum. Shubhasiz, FIFA yana bir juda serdaromad turnirni kutmoqda va daromadlar misli ko‘rilmagan cho‘qqilarga chiqadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, shu yozgi musobaqadan olinadigan 660 million dollarlik daromad allaqachon FIFA a’zolariga yo‘naltirish uchun taqsimlangan.

Biroq xarajatlar ham yangi rekordlarni qayd etadi. Mezbon davlatning hissalarini chegirib tashlaganda, Qatar-2022 turnirini o‘tkazish FIFA uchun 1,708 milliard dollarga tushgan, bu Rossiya-2018ʼdagi 1,824 milliard dollardan biroz kamroq. Yaqinda uch mamlakatda o‘tkazilgan yirik tadbir esa tashkilotga 3,756 milliard dollarga tushdi.

Hatto 2024-yilgi qayta ko‘rib chiqilgan budjetda e’lon qilingan bu raqamga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ishtirokchi mamlakatlarning turnirda qatnashish xarajatlari borasidagi xavotirlari fonida FIFA mukofot pullari va tayyorgarlik to‘lovlarini oshirdi. Jamoa subsidiyalari va klublarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (o‘z futbolchilarini terma jamoaga qo‘yib yuborgan klublarga tovon puli to‘laydigan dastur) bo‘yicha to‘lovlarni qoplaydigan umumiy jamg‘arma dastlab 896 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, qayta ko‘rib chiqilgan budjetda 1,007 milliard dollarga oshirildi va Mundial boshlanishidan ikki oydan kamroq vaqt oldin kiritilgan qo‘shimcha o‘zgartirishlardan so‘ng, yakunda 1,226 milliard dollarga yetdi.

Kattaroq turnir boshqa yo‘nalishlarda ham xarajatlarning oshishini anglatadi.

FIFAʼning ushbu Jahon chempionati uchun operatsion budjeti 1,122 milliard dollarni tashkil etib, bu Qatar-2022 uchun sarflangan mablag‘dan ikki yarim baravardan ko‘proq. Mart oyida The Athletic nashri FIFA budjetdan 100 million dollardan ortiq mablag‘ni qisqartirgani va departamentlardan xarajatlarni “optimallashtirishni” talab qilayotgani haqida xabar berdi.

Ushbu maqola uchun berilgan savolda joriy sikl daromadlari 13 milliard dollarlik maqsadli ko‘rsatkichdan oshishi kutilayotgan bir paytda, operatsion budjetning qisqarishi sabablari haqida so‘ralganda, FIFA vakili The Athletic nashriga shunday javob berdi: “FIFA budjet samaradorligini doimiy ravishda ko‘rib chiqadi. Bundan maqsad — butun dunyo bo‘ylab futbolni rivojlantirishga imkon qadar ko‘proq daromad yo‘naltirilishi uchun xarajatlar nazorat qilinishini ta’minlash”.

Xuddi shu bayonotda FIFA Jahon chempionatiga “3,7 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishi” yana bir bor ta’kidlandi, bu esa — ochiq aytilmagan bo‘lsa-da — turnirning umumiy budjeti pasaytirilmaganiga ishora qiladi. Bundan kelib chiqadigan xulosa, ya’ni ishtirokchi mamlakatlarga to‘lanadigan to‘lovlarning oshishi operatsion samaradorlik hisobidan qoplangan, degan fikr unchalik ham aqlga sig‘maydigan gap emas.

Albatta, daromadlar baribir bu ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lishi kerak. FIFA o‘zining boshqa barcha faoliyat yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun yaqin o‘tmishda hamisha Jahon chempionatlariga tayangan va bu sikl ham bundan mustasno — Jahon chempionatisiz FIFA hozirgi yoki o‘tmishdagi ko‘rinishida shunchaki mavjud bo‘la olmasdi.

Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining kengaytirilishi, xuddi Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati atrofidagi sa’y-harakatlarning kuchayishi kabi, faoliyatni diversifikatsiya qilishga urinishni ko‘rsatadi.

Birinchisi o‘tgan yili kutilganidan ko‘proq daromad keltirdi, biroq FIFA bu daromadlarning barchasini klub futboliga qayta investitsiya qilish majburiyatini olgan. 2023-yilgi Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga kelsak, u 500 million dollarlik budjetda o‘z xarajatlarini o‘zi qopladi va bu ko‘rsatkich kelasi yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan turnir uchun yana oshirildi. 2027-yilgi ushbu musobaqa uchun FIFA 800 million dollar xarajat qiladi — bu uch yil avval Avstraliya va Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tgan turnir budjetidan 300 million dollarga ko‘p.

Bu o‘sishning taxminan uchdan ikki qismi ayollar futboliga kengroq miqyosda ajratiladigan mablag‘larning ko‘payishi hissasiga to‘g‘ri keladi. FIFA uch yil oldin mukofot pullari (110 million dollar), tayyorgarlik uchun pullar (31 million dollar) va klublarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (11 million dollar) doirasida jami 152 million dollar to‘lab bergan edi. Kelgusi yil uchun bunday taqsimot hali e’lon qilinmagan, biroq 344 million dollarlik mablag‘ bilan ayollar futboliga ajratmalar ikki baravardan ko‘proqqa oshishini taxmin qilish mumkin.

Bu maqtovga arzigulik holat, biroq avvalroq belgilangan maqsadga to‘liq erishilmaganini ham ko‘rsatadi.

2023-yilda 152 million dollarlik mukofot jamg‘armasini e’lon qilar ekan, Infantino translyatsiya kompaniyalarini Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati huquqlari uchun erkaklar musobaqasiga qaraganda ancha kam mablag‘ taklif qilgani uchun tanqid qilgan va 2026-yilgi erkaklar hamda 2027-yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarida to‘lovlarda tenglikka erishishni maqsad qilib qo‘ygandi.

FIFA bu maqsadga erisha olmadi, buning asosiy sabablaridan biri shuki, bu yozda to‘lanadigan pullar miqdori o‘sishda davom etdi.

Bu, ko‘pam realikka asoslanmagan, lekin tahsinga loyiq maqsad edi. O‘z navbatida, o‘sha paytda Infantino buni “eng qiyin qadam” deb ta’riflagan edi.

Bir qarashda, jahon futbolining boshqaruv organi juda yaxshi moliyaviy ahvolda. Chiptalar savdosi va homiylik kelishuvlarining keskin o‘sishi tufayli FIFAʼning daromadlari shiddat bilan oshmoqda; so‘nggi ikki to‘rt yillik siklning har birida 1 milliard dollardan ortiq profitsit qayd etildi; a’zolarga va shu orqali butun futbol olamiga ajratiladigan mablag‘lar sezilarli darajada o‘sdi.

Biroq yaqinlashib kelayotgan muammolarning alomatlari ham bor. Eng yaqqol va dolzarb xavf — bu tashkilotning mavqeyiga putur yetishi. FIFA bu siklda har qachongidan ham ko‘proq pul ishlaydi, lekin shu bilan birga u ko‘plab salbiy fikrlar va g‘azabga duch keldi. Ushbu Jahon chempionati chiptalari narxi ko‘pchilikni dahshatga soldi; barcha uchun mo‘ljallangan o‘yin hisoblanmish turnir asosan faqat boylar kira oladigan musobaqaga aylanib qoldi. Maydonda esa, Folarin Balogun bilan bog‘liq keys sportning halolligini shubha ostiga qo‘ydi.

Moliyaviy mukofotlar qisqa muddatda bu zarbani yumshatishi mumkin, biroq bundan tashqari ham jiddiy xavotirlar mavjud. FIFAʼning 2027−2030-yillarga mo‘ljallangan budjetida 14 milliard dollar daromad ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin, lekin aslida hammasi u qadar silliq emas.

FIFA chiptalar sotuvi va mehmondo‘stlik paketlaridan tushadigan daromadlar qariyb 1 milliard dollarga kamayishini taxmin qilmoqda, lekin buni teledasturlar va marketing huquqlari hisobiga 2 milliard dollarlik o‘sish bilan qoplashni kutyapti. Bu ehtimoldan yiroq emas, lekin strategiyaning uzoq muddatga yetishi borasida shubhalanishga asos bor.

Bu davrda ayrim hududlarda Jahon chempionati huquqlari bilan bog‘liq muammolar kuzatildi. 2025-yilgi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tele-huquqlaridan olingan 1 milliard dollar, yumshoq qilib aytganda, qo‘l keldi. Saudiya Arabistonining Aramco va PIF bilan tuzilgan homiylik shartnomalari esa Fors ko‘rfazi davlatining so‘nggi paytlarda ichki bozorga yuz burgani va LIV Golfʼning tugatilishini hisobga olsak, uzoq muddatda unchalik ishonchli ko‘rinmayapti. Saudiya Arabistoni 2034-yilda o‘z vatanida o‘tadigan Jahon chempionatigacha FIFA bilan ishlashdan manfaatdor, xo‘sh, keyin-chi?

Shu nuqtayi nazardan, FIFA va Infantinoning o‘yinning har bir bo‘limi o‘rtasida suv ichib olish uchun beriladigan tanaffuslarni iliq kutib olishini kelajak talabi sifatida ko‘rish mumkin: telekanallarga o‘yinlar paytida reklama vaqtini ko‘paytirishga ruxsat berish FIFAʼga tele-huquqlarni ancha yuqori narxda sotish imkonini beradi.

Xarajatlar esa o‘sishda davom etmoqda.

2029-yilgi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun 2,23 milliard dollar xarajat rejalashtirilgan; lekin o‘tgan yilgidek foydali tele-kelishuv bo‘lishiga kafolat yo‘q. Ayni paytda, daromadlar yana oshishi kutilayotgan bir vaqtda, keyingi davr uchun a’zo tashkilotlarga ajratmalar kamayishi rejalashtirilgani e’tibordan chetda qolmoqda. Hozirda Infantinoni taxtda ushlab turganlar bunga qanday munosabat bildirisharkin? Bu Jahon chempionatida kuzatilgan tartibsizliklar FIFA uchun yangi sud da’volariga yo‘l ochdi, ularga qarshi kurashish esa pul talab qiladi.

Zaxiralar o‘sishda davom etmoqda, biroq bir kun kelib buning ham oxiri bo‘lishi kerak.

FIFAʼning qurollaridan biri — bu aktivlarni sotish: agar kelgusi davrlarda foyda kamaysa, o‘sha 5,7 milliard dollarlik moliyaviy aktivlarning bir qismi sotilishi va bu mablag‘lar butun futbol olamiga taqsimlanishi mumkin.

Biroq moliyaviy ahvol hozircha barqarordek ko‘rinsa-da, buning FIFA mavqeyiga yetkazayotgan zararlarini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.

Tramp boshlagan AQSh-Eron urushidagi har bir zarba bilan o‘sha Tinchlik mukofoti tobora ko‘proq oruyelcha bir uydirmaga, FIFA va Infantino takabburligining yodgorligiga aylanib bormoqda.

Har safar Infantino Afrikaning eng yaxshi hakamini Jahon chempionatidan chetlatganida yoki eronlik murabbiylar shtabi a’zolariga xuddi shunday munosabatda bo‘lganida ham FIFA AQSh hukumati siyosati oldida ojiz ekanini ta’kidlar ekan, tashkilotning barcha uchun imkoniyatlar yaratish haqidagi da’vosi va futbolni tinchlik quroli sifatida ko‘rish g‘oyasi yanada puchga chiqadi. Bularning barchasi, aftidan, ko‘proq pul topish ilinjida qilinmoqda.

Ehtimol, doim shunday bo‘lgandir.

Qirq yil avval, FIFA o‘zining eng katta tadbirini Meksika zaminida o‘tkazgan davrda buyuk Hyu Makilvanni tashkilotni ayovsiz tanqid qilgan edi.

“Futbol biz o‘ylagandan ham buyukroq o‘yin bo‘lsa kerak”, — deb yozgan edi Makilvanni Argentina g‘alaba qozongan 1986-yilgi finaldan yetti kun o‘tib. Jahon chempionatining o‘zi “FIFA tomonidan ustiga uyilgan ikkiyuzlamachilik, molparastlik va sharmandali nayranglar axlati ostida bo‘g‘ilib qolishi xavfi tobora ortib borayotgan” bir paytda, futbol qanday qilib buncha ko‘p odamni hayajonga sola olyapti, deya hayron bo‘lgandi u.

Hech narsa o‘zgarmagan ko‘rinadi.

FIFA hech qachon bunchalik boy bo‘lmagan, unga a’zo milliy assotsiatsiyalarning aksariyati moliyaviy jihatdan hech qachon bunchalik baquvvat bo‘lmagan, erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati hech qachon bu qadar yirik bo‘lmagan va sayyoramizning eng ommabop sport turi bo‘lmish futbolga hech qachon bunchalik ko‘p nigoh qaratilmagan edi.

Lekin nimaning evaziga?

fifaworld cupfootball financecorruptionrevenueexpensescriticismgianni infantino