Dunyo

Xitoyga kirish va chiqish qoidalari kuchaytiriladi

Xitoyga kirish va chiqish tartiblari kuchaytiriladi

Xitoy 15-sentyabrdan boshlab fuqarolarining mamlakatdan chiqishi va xorijliklarning kirishi uchun yangi qoidalarni joriy etadi. Bu o‘zgarishlar ayrim holatlarda viza yoki kirish ruxsatnomasini olishni murakkablashtirishi mumkin.

31-iyul kuni qabul qilingan 19 moddadan iborat ushbu nizom xorijga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, mamlakatdan chiqish va kirish bo‘yicha arizalarga qo‘yiladigan talablarni aniqlashtirish hamda vositachilik xizmatlarini tartibga solishni nazarda tutadi.

**Chiqish qoidalari**

Xitoy fuqarolari mamlakatni tark etish uchun topshiradigan arizada safar sababini qonuniy va aniq ko‘rsatishi, shuningdek, tekshiruv jarayonida hamkorlik qilishi shart. Taklifnoma yuborgan tashkilot yoki shaxs taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar bo‘ladi. Agar yolg‘on hujjatlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilsa, immigratsiya organlari safar hujjatlarini berishni rad etishi yoki mamlakatdan chiqishni taqiqlashi mumkin.

Bundan tashqari, Xitoy rasmiylari urush, qurolli mojaro, tabiiy ofat yoki yuqumli kasalliklar avj olgan hududlarga yo‘l olayotgan fuqarolarni ogohlantirib, bunday safarlardan voz kechishni tavsiya qiladi.

**Kirish qoidalari**

Xitoy vizasi, mamlakatga kirish, qolish yoki yashash ruxsatnomasini olish uchun ariza topshirayotgan xorijliklar ham faqat to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot taqdim etishi shart. Yolg‘on ma’lumot bergan, chegara tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki hujjatlarni qalbakilashtirgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan shaxslarga Xitoyga kirish rad etilishi mumkin.

Shuningdek, immigratsiya, viza organlari yoki Xitoy qonunchiligiga muvofiq cheklov qo‘llangan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi ham cheklanadi.

**Agentliklarga qo‘yiladigan talablar**

Yangi qoidalar mamlakatdan chiqish va kirish bo‘yicha vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi agentliklar faoliyatini ham tartibga soladi.

Pulli maslahat berish, hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatish va boshqa protsessual xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi agentliklar tashkil etilganidan keyin 15 kun ichida mahalliy immigratsiya idorasida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Faoliyat yuritayotgan agentliklar esa nizom kuchga kirganidan so‘ng 90 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishni yakunlashi lozim.

Agentliklar yolg‘on ma’lumot taqdim etishi, bo‘rttirilgan yoki chalg‘ituvchi reklama tarqatishi, soxta hujjatlar tayyorlashi yoki bunga ko‘maklashishi, shuningdek, mijozlarga viza, yashash ruxsatnomasi, pasport va boshqa hujjatlarni noqonuniy yo‘l bilan olishda yordam berishi taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari ikki davlat hududiga 30 kungacha vizasiz kirishi, undan chiqishi va tranzit o‘tishi mumkin. Biroq bu tartib mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanishga amal qilmaydi.

immigrationchinaborder controltravel agenciestravel regulationsvisa rulesentry requirementsexit requirements