AQSH viza garovi dasturini doimiy qilib, miqdorini 20 ming dollargacha oshiradi

AQSH 3-avgustdan boshlab ayrim mamlakatlar fuqarolariga turistik va biznes vizalari berishda 20 ming dollargacha garov talab qilish tartibini doimiy ravishda joriy etadi. Bu haqda Reuters agentligi AQSH Davlat departamentining yangilangan qoidalariga tayanib xabar berdi.
Yangi tartib B-1 (biznes) va B-2 (turizm) vizalariga nisbatan qo‘llaniladi. Xabarda aytilishicha, konsullik xodimi arizachiga viza berish sharti sifatida 20 ming dollargacha garov to‘lash majburiyatini belgilashi mumkin. Bu qaror har bir ariza bo‘yicha konsullik xodimining shaxsiy qarori asosida qabul qilinadi.
Garov viza uchun yig‘im hisoblanmaydi. Agar viza egasi AQSHda ruxsat etilgan muddatdan ortiq qolmasa va belgilangan tartibda mamlakatni tark etsa, pul qaytariladi. Qoidalar buzilgan taqdirda esa garov davlat foydasiga o‘tkazilishi mumkin.
AQSH ushbu dasturni 2025-yil avgust oyida 12 oylik sinov tariqasida joriy etgan edi. Dastlab konsulliklar arizachilardan 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar miqdorida garov talab qilish huquqiga ega bo‘lgan. Doimiy tartibda esa eng yuqori miqdor 20 ming dollargacha oshirildi, 5 ming dollarlik eng past toifa bekor qilindi.
Dastur 50 ta davlat fuqarolariga taalluqli bo‘lib, ularning 30 tasi Afrika davlatlaridir. Markaziy Osiyodan Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ro‘yxatga kiritilgan. O‘zbekiston bu ro‘yxatda yo‘q. Davlat departamenti ro‘yxatni keyinchalik kengaytirish huquqini saqlab qolgan.
AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, bu tartib mamlakatga vaqtincha kirib, ruxsat etilgan muddatdan ortiq qolib ketish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Sinov dasturi davomida garov tatbiq etilgan davlatlar fuqarolari orasida bunday qoidabuzarliklar keskin kamaygan.
Davlat departamenti dastlab garov talabi taxminan 2 ming nafar arizachiga qo‘llanishini kutgan edi. Amalda esa qariyb 20 ming arizachiga garov to‘lash sharti qo‘yilgan va ularning deyarli yarmi pulni to‘lamaslikni tanlagan. Natijada ro‘yxatga kiritilgan davlatlar fuqarolariga B-1 va B-2 vizalarini berish hajmi 83 foizga kamaygan.
Yangi qoida AQSHda migratsiya nazorati kuchaytirilayotgan bir paytda qabul qilindi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi so‘nggi haftalarda aeroportlarda migratsiya maqomi buzilgan xorijliklarni ushlash amaliyotini kengaytirgan. Ular orasida Amerika fuqarolarining turmush o‘rtoqlari, tadqiqotchilar va AQSH ichidagi reyslarga chiqmoqchi bo‘lgan shaxslar ham bor.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi mamlakatda qonunga zid ravishda yashayotgan xorijliklar samolyotlarda erkin harakatlana olmasligi, faqat AQSHni ixtiyoriy tark etish maqsadida parvoz qilishi mumkinligini bildirgan. Huquq himoyachilari esa aeroportlardagi ushlashlar qonuniy maqomini rasmiylashtirish jarayonida bo‘lgan shaxslarga ham ta’sir qilayotganini aytmoqda.

