Dunyo

AQSH uyg‘urlarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun 43 ta Xitoy kompaniyasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

AQSH hukumati uygʻurlarning majburiy mehnatidan foydalanganlikda gumon qilinayotgan 43 ta Xitoy kompaniyasini “qora roʻyxat”ga kiritdi. Bu cheklovlar 31-iyuldan kuchga kirdi.

AQSH Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligining qoʻshma bayonotiga koʻra, roʻyxatga kiritilgan kompaniyalar togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, metallurgiya, farmatsevtika, paxta va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, dengiz mahsulotlarini qayta ishlash, litiy sanoati hamda transport sohalarida faoliyat yuritadi. Ular orasida Xitoyning yirik kondensator ishlab chiqaruvchilaridan biri — Hunan Aihua Group ham bor.

AQSH rasmiylari ushbu kompaniyalar tovarlarni qazib olish, yetishtirish, qayta ishlash yoki ishlab chiqarish jarayonida majburiy mehnatdan foydalangan boʻlishi mumkin deb hisoblamoqda.

Yangi kompaniyalar qoʻshilganidan keyin Uygʻurlar majburiy mehnatining oldini olish toʻgʻrisidagi qonun (UFLPA) doirasidagi roʻyxatdagi tashkilotlar soni 144 tadan 187 taga yetdi. Bu Donald Tramp maʼmuriyati davrida mazkur roʻyxatning ilk bor kengaytirilishi, shuningdek, qonun kuchga kirganidan buyon bir martada kiritilgan kompaniyalar soni boʻyicha eng yirik yangilanish boʻldi.

AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Tommi Pigottning bildirishicha, mazkur mexanizm majburiy mehnatdan foydalanib ishlab chiqarilgan tovarlarning AQSH bozoriga kirib kelishini cheklashga qaratilgan.

UFLPA qonuni 2021-yil dekabrda qabul qilingan boʻlib, unga koʻra, Shinjon-Uygʻur avtonom rayonida toʻliq yoki qisman ishlab chiqarilgan mahsulotlar majburiy mehnat bilan bogʻliq deb hisoblanadi. Bunday tovarlarni AQSHga olib kirmoqchi boʻlgan importchilar mahsulot ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan foydalanilmaganini tasdiqlashi kerak. Qonun normalarini AQSH bojxona organlari 2022-yil iyundan amalda qoʻllay boshlagan.

Vashington Xitoy hukumatini Shinjonda uygʻurlar va boshqa etnik hamda diniy ozchilik vakillarining huquqlarini buzish, ularni lagerlarda saqlash va majburiy mehnatga jalb qilishda ayblab keladi. Pekin esa bu ayblovlarni rad etib, mintaqadagi siyosat terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish, aholini kasbga oʻrgatish hamda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga qaratilganini taʼkidlaydi.

xitoyuyg'urlarqora ro'yxatimport cheklovlarishinjonuflpamajburiy mehnataqsh