Qozog‘istonda xorijliklarning mamlakatga kirishi uchun pulli elektron ruxsatnomalar joriy etishi mumkin

Qozog‘iston xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirishi uchun pullik elektron ruxsatnomalar tizimini joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi (IIV) tomonidan ishlab chiqilgan va “Ochiq NHH” portalida e’lon qilingan qaror loyihasi xorijliklar uchun pulli elektron kirish ruxsatnomalarini berishni nazarda tutadi. Hozircha ushbu ruxsatnomani olish narxi aniq emas.
IIV loyihasida qayd etilishicha, “to‘lovlarni tabaqalashtirish” raqamli infratuzilmani saqlash va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun mablag‘ yig‘ish imkonini beradi. Biroq kutilayotgan to‘lov miqdori ko‘rsatilmagan. Pullik elektron ruxsatnomalarni 2026-yilning avgustidan dekabrigacha bo‘lgan muddatda joriy etish rejalashtirilgan.
Loyihada kirish ruxsatnomasini olishi kerak bo‘lgan xorijliklar toifasi aniq ko‘rsatilmagan, bu esa ushbu cheklov barcha xorijiy fuqarolarga tegishli bo‘lmasligi mumkinligini taxmin qilishga asos beradi. Hujjat muhokamasi 17-avgustgacha davom etadi.
IIV loyihasi prezidentning migratsiya nazoratini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha topshirig‘i doirasida ishlab chiqilgan. Iyun oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev migratsiya qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Ushbu qonun elektron kirish ruxsatnomalarini joriy etishni rasmiylashtirgan.
Avvalroq Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy hamkorlikni yangilamoqchi ekani haqida xabar berilgandi.

