Yaponiyadan vizasi muddati o‘tgan ikki nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

Yaponiyadan vizasi muddati o‘tgan ikki nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi.
Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi vizasi muddati tugaganidan so‘ng mamlakatda noqonuniy ravishda qolgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirgan, biroq viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatni tark etmagan. Keyinchalik ular Yaponiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan va O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Yaponiya tomoni noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat faoliyati aniqlansa, bunday shaxslarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishini eslatdi. Jumladan, ular politsiya tomonidan hibsga olinishi, immigratsiya markaziga joylashtirilishi va deportatsiya qilinishi mumkin.
Shuningdek, Yaponiya hukumati qonunbuzarlarga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga ham taqdim etishini, shu sababli fuqaro vatanga qaytgach ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkinligini bildirdi. Shu munosabat bilan fuqarolar “Yaponiyada bemalol ishlash mumkin” kabi asossiz va’da beruvchi takliflarga ishonmaslikka chaqirildi.
Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qochqin maqomini olish uchun ariza topshirish mamlakatda uzoq muddat qolish yoki ishlash imkonini beradi, degan qarash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Bunday maqsadda ariza berish qabul qilinmaydi.
Agar qochqin maqomi berish rad etilsa, shaxs immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin. Soxta ma’lumot taqdim etish yoki firibgarlik yo‘li bilan qochqin maqomini olishga urinish esa jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi qayd etildi.
2026-yil may oyi o‘rtalarida Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborgandi.
Har ikki shaxs ham “talaba” vizasi bilan Yaponiyaga borib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy ravishda qolgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Shuningdek, iyun oyi oxirida ham Yaponiyaning Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilgan.

