Moskvada yana migrantlar tahqirlandi
Kun.uzʼga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, Rossiyaning Moskva shahrida kuni kecha yana muhojirlar xo‘rlangan. Holat poytaxtdagi qurilish maydonlaridan birida ro‘y bergan. O‘zbeklardan tashqari, qirg‘iz, tojiklar ham bor edi va ularning hamma hujjatlari joyida, biroq hech kim buni so‘ramay ularni tahqirladi, cho‘kkalab yurishga majbur qildi, deydi tahririyat bilan gaplashgan yurtdoshimiz.

Moskvada yana muhojirlarga nisbatan kamsitish holati kuzatildi.
Kun.uz nashrining xabar berishicha, 27-iyul kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi qurilish maydonlaridan biriga kuchishlatar organlar xodimlari kelib, ishlayotgan muhojirlarni tahqirlagan. Tahririyat bilan bog‘langan vatandoshimizning so‘zlariga ko‘ra, ular hududga kelib, avval barcha muhojir ishchilarni bir joyga to‘plagan. Ularning aksariyati o‘zbek, qirg‘iz va tojik millatiga mansub bo‘lgan. Muhojirlardan hech qanday hujjat so‘ralmasdan, ularni cho‘kkalab yurishga majburlashgan.
Shundan so‘ng ularning hujjatlari tekshirilgan. Biroq cho‘kkalab yurdirilganlarning barcha hujjatlari joyida bo‘lgan, hech qanday sababsiz shunday buyruq berilgan. "Taxminimizcha, ular Rossiya federal migratsiya xizmati xodimlari edi", – deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan shaxs.
Uning qo‘shimcha qilishicha, voqea kunduzi, ishchilar odatdagidek ishlayotgan paytda, soat 10:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida sodir bo‘lgan. Ishchilarning hozirda barcha hujjatlari joyida bo‘lib, ular tahqirlanganidan norozi. Ammo ularni himoya qiluvchi biror organ yo‘q.
"Bu ruscha masxara qilishdan boshqa narsa emas, bizning biror aybimiz yo‘q edi-ku", – deydi vatandoshimiz ularga nisbatan munosabatdan noroziligini bildirarkan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Rossiya huquq-tartibot tuzilmalari Moskva va Sankt-Peterburgda reydlar o‘tkazib, muhojirlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Shuningdek, ular haqoratlangan va ularga nisbatan kuch ishlatilgan.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llagan edi. Bunga javoban esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Moskva Toshkentning notasidagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqayotgani, o‘zbekistonlik hamkorlarning tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yuborilishini ma’lum qilgan.

