Ukrainaning AQSHdagi sobiq elchisi noqonuniy boyishda ayblandi

Ukrainaning AQSHdagi sobiq elchisi Olga Stefanishina noqonuniy boylik orttirishda gumon qilinmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi ma’lum qildi.
Oliy aksilkorrupsiya sudi Stefanishinaga nisbatan ehtiyot chorasini belgiladi. Himoya tomoni sud majlisini yopiq o‘tkazishni so‘ragan. “Ukrainskaya pravda” jurnalisti Mixail Tkachting manbalariga ko‘ra, tergov aynan noqonuniy boylik orttirish holati bo‘yicha olib borilmoqda. Stefanishinaning o‘zi vaziyatga quyidagicha izoh berdi:
“Har qanday protsessual harakatlar huquqni muhofaza qilish tizimi faoliyatining qonuniy bir qismi bo‘lib, bu hali aybning isbotini anglatmaydi. Men bu voqealarga xotirjam va ortiqcha hissiyotlarsiz munosabatdaman... OAVda, xususan, ko‘chmas mulk yuzasidan paydo bo‘layotgan savollarning aksariyatiga bir yildan oshiqroq vaqt avval ochiq va ancha batafsil izoh berganman”, dedi u.
Dastlab prokuratura Olga Stefanishinaga nisbatan 13 million 100 ming grivna miqdorida garov ehtiyot chorasini qo‘llashni so‘ragan. Prokuror Stefanishinaning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslar mol-mulk sotib olganini ma’lum qilgan.
Xususan, Stefanishina o‘z deklaratsiyasida ikkita bir xonali kvartirani, ularni ta’mirlashga, onasining davolanishiga, aviachiptalarga hamda yana bir kvartira ijarasiga sarflangan naqd pullarni ko‘rsatmagan. Shuningdek, u qo‘l ostidagi xodimi nomiga rasmiylashtirilgan Mercedes avtomobilidan foydalanib kelganini ham deklaratsiyaga kiritmagan. Sud natijada sobiq elchiga 6 million grivna (134 ming dollardan ortiq) miqdorida garov puli belgiladi.
“Menda bunday mablag‘ yo‘q — na 13, na 10, na 6 million. Lekin albatta, garov pulini berish uchun bu mablag‘ni izlayman”, deya munosabat bildirdi Stefanishina sud qaroriga.
U avvalroq sobiq adliya vaziri Olena Lukash ishtirokidagi ish bo‘yicha ham gumonlanuvchi edi. O‘shanda u va boshqa shaxslar 2013–2014-yillarda Ukraina qonunchiligini Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblangan. Hozirda ushbu ish Oliy aksilkorrupsiya sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Olga Stefanishina 2020-yildan buyon Yevropa integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2025-yil avgust oyida u Ukrainaning AQSHdagi elchisi etib tayinlangan edi. 2026-yil 3-avgust kuni Ukraina prezidenti saytida Stefanishinani elchi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmon e’lon qilindi. Elchining o‘zi esa “shaxsiy sabablar” bilan iste’foga chiqqanini aytgan.

