Ukrainada Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi ochish taklif qilindi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ofisi mamlakat Bosh prokuraturasiga Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqish yuzasidan murojaat yo‘lladi. Hozirda mazkur murojaat vakolatli idora tomonidan o‘rganilmoqda.

Ukrainada Lukashenkoga qarshi jinoiy ish ochish taklifi ilgari surildi. Bu haqda Ukraina Bosh prokuror ofisi matbuot kotibi Maryana Gayevskaya-Kovbasyuk "Ukrinform" agentligiga ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu murojaat hozirda ko‘rib chiqilmoqda, ammo shu paytgacha uning asosida rasman hech qanday jinoiy ish ro‘yxatga olinmagan.
Reuters agentligi ta'kidlashicha, Lukashenkoning Ukraina sudi oldida javobgarlikka tortilishi ehtimoli hozircha juda past. Biroq, agar jinoiy ish ochilsa, bu Kiyev va Belarus muxolifati uchun G‘arb davlatlarini Minskka bosimni kuchaytirishga chaqirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ushbu tashabbus Belarus muxolifati vakillaridan kelib chiqqan. Xususan, asoschilaridan biri sobiq prezidentlikka nomzod Valeriy Tsepkalo bo‘lgan Demokratik kuchlar forumi Zelenskiy ofisiga murojaat qilib, Lukashenkoning Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va Belarus hududidan Rossiya qo‘shinlari bosqin uchun foydalanishiga huquqiy baho berishni so‘ragan.
Murojaat mualliflari Lukashenkoga nisbatan agressiv urush olib borish, harbiy jinoyatlar, terrorizmni moliyalashtirish, Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, genotsid hamda urush targ‘iboti kabi moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni taklif etgan.
Belarus muxolifati tomonidan e'lon qilingan hujjatga ko‘ra, Zelenskiy ofisi murojaatni ko‘rib chiqib, uni huquqiy baho berish uchun Ukraina Bosh prokuroriga yuborgan. Hozirda prokuratura mazkur taklif yuzasidan qaror qabul qilish jarayonini davom ettirmoqda.

