Siyosat

Ukraina Lukashenkoga jinoiy ish qoʻzgʻatishni koʻrib chiqmoqda

Ukraina Lukashenkoga nisbatan jinoiy ish ochish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning idorasi Bosh prokuraturadan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish imkoniyatini o‘rganib chiqishni so‘radi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Lukashenko 2022-yil fevral oyida Moskvaga Belarus hududidan Ukrainaga keng ko‘lamli hujum qilish uchun start maydoni sifatida foydalanishga ruxsat bergan edi.

Ukraina prezidenti idorasining maktubida aytilishicha, bu so‘rov surgundagi muxolifat guruhi – “Belarus demokratik kuchlari forumi”ning murojaatiga javobdir. Mazkur forum may oyida Zelenskiyga maktub yo‘llab, Ukrainani Lukashenkoni harbiy jinoyatlar, genotsid va davlat terrori uchun javobgarlikka tortishga chaqirgandi. Shu munosabat bilan Bosh prokuraturadan Lukashenkoga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Forum Belarus prezidentini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida sheriklikda va kamida 2442 nafar ukrainalik bolani noqonuniy ravishda Belarusga olib o‘tganlikda aybladi. Mazkur holat Yel universitetining Gumanitar tadqiqotlar laboratoriyasi tomonidan hujjatlashtirilgan. 2023-yilda Lukashenko Belarus urush tufayli jarohat olgan bolalarga yordam berish uchun Ukrainadan ularni vaqtincha qabul qilganini aytgan.

Hozircha Lukashenkoning Ukraina sudida javobgarlikka tortilishi ehtimoli past, ammo unga qarshi har qanday ayblovlar “Kiyev va Belarus muxolifati tomonidan G‘arbning unga nisbatan bosimini ushlab turish uchun dalil sifatida ishlatilishi mumkin”.

Zelenskiy fevral oyidan beri Lukashenkoga nisbatan ritorikasini keskin kuchaytirdi va unga qarshi sanksiyalar kiritdi. Shuningdek, prezident uni Ukrainaga hujum qilish niyatida ayblab kelmoqda. Lukashenko esa buni rad etib, Belarus faqat Kiyev birinchi bo‘lib hujum qilgan taqdirdagina urushga kirishini ta’kidlagan.

ukrainazelenskiybelaruslukashenkorossiya-ukraina urushijinoiy ishharbiy jinoyatlarbolalar deportatsiyasi