Ukrainada 1,28 mln dollarlik xorijiy yordam oʻzlashtirilgani aniqlandi

Ukrainada 1,28 million dollarlik xorijiy yordam mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi.
Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlari (NABU va SAP) mamlakatga ajratilgan 37 million grivna (jinoyat sodir etilgan paytda taxminan 1,28 million dollar) miqdoridagi xayriya mablag‘lari o‘zlashtirilganini fosh etdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu o‘g‘rilikni 2020–2024-yillarda Ukraina TIV davlat kotibi lavozimida ishlagan shaxs boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh amalga oshirgan. “Forbes Ukraina” nashrining xabar berishicha, bu shaxs Aleksandr Bankovdir.
Xabarda aytilishicha, “guruh ishtirokchilari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishida xorijiy fuqarolar va donorlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratgan mablag‘larni o‘zlashtirib, ularni konvertatsiya markazlari orqali legallashtirgan”.
Aleksandr Bankov xalqaro donorlar va Ukrainaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlarini Ukraina uchun yig‘ilgan xayriya mablag‘larini o‘zi nazorat qiladigan jamoat tashkilotining bank hisobraqamiga yo‘naltirishga ko‘ndirgan.
Ekspertiza natijalariga ko‘ra, ushbu tashkilot olgan pullar Ukraina Tashqi ishlar vazirligining maxsus jamg‘armasining maqsadli byudjet mablag‘lari maqomiga ega bo‘lgan. Keyinchalik bu mablag‘lar nazorat ostidagi kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobraqamlariga o‘tkazilgan, ular esa bu pullarni naqdlashtirish uchun konvertatsiya markazlariga yo‘naltirgan.
“Jamoat tashkilotining faoliyati qonuniy ekanini ko‘rsatish uchun sxema ishtirokchilari soxta xatlar tayyorlab, ularga yolg‘on ma’lumotlarni kiritgan holda grant shartnomalarini imzolagan”.
Gumonlanuvchilar orasida quyidagilar ham bor:
* TIV davlat kotibi apparatining sobiq rahbari, amaldagi diplomatik xodim;
* sobiq tashqi ishlar vazirining maslahatchisi;
* pullar chiqarib olingan tashkilot rahbari va buxgalter.
Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi xabariga ko‘ra, gap TIV davlat apparati sobiq rahbari va Ukrainaning BMT Jeneva bo‘limi huzuridagi Doimiy vakolatxonasining amaldagi maslahatchisi Ramiz Ramazonov, shuningdek, “Xalqaro hamkorlikka ko‘maklashish markazi” jamoat tashkiloti rahbari Vladislav Reznikov haqida bormoqda.
**Ukrainadagi korrupsiya mojarosi**
10-noyabr kuni “Energoatom” davlat energetika kompaniyasi atrofidagi keng ko‘lamli korrupsiya sxemasi fosh etildi. Mojaro markazida Ukrainaning amaldagi hukumatidagi bir nechta vazirlar, prezidentning uzoq yillik safdoshi Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Sukerman bo‘lgan.
O‘sha kuni huquq-tartibot idoralari Mindichning uyida, “Energoatom”da va Ukraina adliya vaziri German Galushchenkoning manzilida tintuv o‘tkazgan. Mindich bunga qadar Ukrainani tark etgani aniqlangan.
12-noyabr kuni Zelenskiy adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukni ishdan bo‘shatishni talab qildi. Ikkala vazir ham darhol iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. 13-noyabr kuni Zelenskiy Mindich va Sukermanga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ukraina prezidenti ofisi sobiq rahbari Andrey Yermak esa Kiyev shahri yaqinida “Dinastiya” elita majmuasi qurilishida 460 million grivna (10 million dollar)ni legallashtirish ishi bo‘yicha gumonlanmoqda. Siyosatchi unga nisbatan ayblovlarni tan olmagan, uning uyida tintuv o‘tkazilgan.
Yermak 14-may kuni tergov izolyatoriga joylashtirilgan edi. Sud unga 140 million grivna (taxminan 3 million dollar) miqdorida garov puli belgilagan. 18-may kuni garov puli yig‘ilgan va Yermak izolyatordan chiqarilgandi.

