Ukraina sobiq mudofaa vaziri ishdan olingani sababini ochiqladi

Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov o‘zining iste’fosi ortidagi haqiqiy sabablarni “Ukrainskaya pravda” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Fedorovning ta’kidlashicha, uning lavozimidan ketishi muayyan shaxslar yoki tashkilotlar bilan kelishmovchiliklar natijasi emas. U 16-iyul kuni, iste’foga chiqishidan avval, o‘sha paytdagi Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan ziddiyatda bo‘lganini aytgan edi. Iste’foga qarshi bo‘lganlar butun Ukraina bo‘ylab namoyishlar o‘tkazib, Sirskiyni lavozimidan chetlatishni talab qilishgan. Shundan so‘ng, 22-iyul kuni Sirskiy bosh qo‘mondonlik lavozimini tark etgan.
Jurnalistlarning ishdan bo‘shatilish sabablari haqidagi savoliga javob berar ekan, Fedorov aprel oyidan boshlab o‘ziga va jamoasiga nisbatan bosimni his qilganini aytdi. U, masalan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faolligi oshganini qayd etdi.
“Bu xaridlar, tenderlar bilan bog‘liq, aynan shu jarayonlarni isloh qilishni boshlaganimiz sabab, o‘ylaymanki, ko‘pchilikda katta norozilik uyg‘otdi”, dedi u.
Fedorov Mudofaa vazirligidagi muammolarga aloqador shaxslar, shuningdek, amaldorlarga bosim o‘tkazgan qurol kompaniyalari lobbistlarining ismlarini oshkor qilishdan bosh tortdi.
Jurnalistlar Ukraina prezidentining Mudofaa vazirligi va Bosh shtab o‘rtasidagi mojaro haqidagi so‘zlarini eslatib, “bu mojaro armiyani boshqarishga xalaqit bermadimi?” deb so‘rashdi. Fedorovning aytishicha, o‘sha paytdagi bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy bilan shaxsiy to‘qnashuvi bo‘lmagan, ularning qarama-qarshiligi boshqacha xarakterga ega edi.
“Bu ko‘proq dunyoqarashlar to‘qnashuvi. Bizda asosan qarashlarni amalga oshirish bilan bog‘liq institutsional ziddiyat, shuningdek, madaniy ziddiyat ham bor edi. Chunki yosh liderlarga erkinlik berish, qarorlarni tezroq qabul qilish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazish va hokazolar zarur. Shu bois, bu ko‘proq institutlar o‘rtasidagi ziddiyatdir”, deya xulosa qildi Fedorov.

