Dunyo

Ukraina Qora dengizda Rossiyaning konteyner tashuvchi kemasini cho‘ktirdi

Ukraina Qora dengizda Rossiyaga tegishli konteyner tashuvchi kemani cho‘ktirib yubordi. Bu haqda Rossiyaning “Rosatom” davlat atom korporatsiyasi rahbari Aleksey Lixachyov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Meduza”.

Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining dengiz dronlari 1-avgustga o‘tar kechasi Novorossiyskdan taxminan 240 kilometr uzoqlikdagi xalqaro suvlarda Rossiyaning “Yanina” nomli konteyner tashuvchi kemasiga hujum qilgan. Hujum natijasida kema cho‘kib ketgan, biroq bortdagi 17 nafar ekipaj a’zosi qutqarib qolingan.

“Bu xalqaro suvlarda harakatlanayotgan va fuqarolik yuklarini tashiyotgan oddiy konteyner tashuvchi kema edi”, — dedi Lixachyov.

Keyinchalik Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham hujum amalga oshirilganini tasdiqladi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Yanina”ni “Rossiyaning sanksiyalar ostidagi konteyner tashuvchi kemasi” deb atadi. Biroq “Agentstvo” nashrining qayd etishicha, kemaning o‘zi xalqaro sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan. Shu bilan birga, unga egalik qiluvchi Fesco kompaniyasi Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida hisoblanadi.

So‘nggi haftalarda Ukraina Qora dengizda Rossiyaning tanker va savdo kemalariga hujumlarni kuchaytirdi. Kiyev bunday kemalarni qonuniy harbiy nishon deb hisoblashini bildirgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, ular Rossiyaning harbiy logistikasini ta’minlash hamda neftni xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda tashishda foydalaniladi.

Avvalroq Ukraina harbiylari Kaspiy dengizida Rossiya va Eron o‘rtasida harbiy yuklarni tashish uchun foydalanilgan kemalarga zarba bergan edi.

sanksiyalarqora dengizkema hujumiyaninarosatomrossiyaukrainazelenskiy