Dunyo

Rossiyada zapravkadagi navbat sabab otishma yuz berdi

Rossiyada zapravkada navbat sabab otishma sodir bo'ldi

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida yonilg‘i quyish shoxobchasida navbat sabab otishma ro'y berdi. Bu haqda “74.ru” xabar berdi.

Lutsenko ko‘chasidagi zapravkada avtomobil egalaridan biri navbatsiz benzin quymoqchi bo'lgan. Bunga qarshi chiqqan boshqa haydovchi esa travmatik quroldan o'q uzgan.

“U odamga yonilg‘i olish uchun navbatda turish kerakligini aytildi, lekin u buni xohlamadi. Agar hamma shunday munosabatda bo'lsa-chi? Mashinamizda bolalar bor edi, o'q istalgan tomonga uchib ketishi mumkin edi. Jabrlanuvchining qorniga o'q tegdi, ancha qon oqdi”, deydi voqea guvohlaridan biri.

Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, o'q uzgan 26 yoshli Chelyabinsk fuqarosi esa voqea joyidan qochishga urinayotganida ushlangan. Unga tan jarohati yetkazish moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ukraina dronlarining Rossiya neft korxonalariga zarbalari ortidan mamlakatda yonilg‘i inqirozi kuzatilmoqda. Prezident Vladimir Putin iyul oyi oxirida hukumat vazirlari va boshqa rasmiylar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda buni tan oldi. Ammo u muammo hal qilinayotganini ta’kidladi.

Belarus iyun oyining birinchi yarmida Rossiyaga temiryo‘l orqali benzin yetkazib berishni may oyining birinchi yarmiga nisbatan qariyb uch baravarga oshirdi. Natijada yetkazib berilgan benzin hajmi 70 ming tonnadan oshgan. Shuningdek, mamlakatdan aviakerosin importi to‘rt barobarga ko‘paydi.

Rossiya o‘z ichki bozoridagi taqchillikni bartaraf etish uchun Qozog‘istondan qariyb 50 ming tonna Ai-92 markali benzin import qilmoqchi. Qrimdan boshlangan yonilg‘i inqirozi Rossiyaning kamida 64 ta hududiga yoyilgan. Rossiya benzin va dizel savdosiga cheklovlar kiritgan. Endilikda mamlakat Hindistondan dengiz yo‘li orqali benzin import qilishni boshladi.

benzinrossiyaukrainachelyabinskotishmayonilg‘i inqiroziimporttaqchillik