Dunyo

Rossiya Ukrainaga qanotli raketalar uchirdi, Lvovda turar joy hujumga uchradi (video)

Rossiya Ukrainaga qanotli raketalar bilan hujum qildi, Lvovda turar joy binolari nishonga olindi (video)

30-iyulga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Lvov shahriga qanotli raketalar bilan zarba berdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida shahardagi ko‘p qavatli turar joy binolariga shikast yetgan.

Lvovdagi raketa hujumi oqibatida ikkita ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan. Voqea joyida qutqaruvchilar ish olib bormoqda. Hujum paytida shaharda bir qator portlashlar sodir bo‘lgani qayd etilgan. Rasmiylar havo hujumidan mudofaa tizimi faollashgani haqida ogohlantirgan.

Keyinroq shahar meri Andrey Sadoviyning so‘zlariga ko‘ra, Lvovda Paton va Vigovskiy ko‘chalaridagi turar joy binolari hujum natijasida yonib ketgan. "Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Barcha zarur xizmatlar voqea joyida ishlamoqda", dedi mer.

Ijtimoiy tarmoqlarda shaharga qilingan hujum oqibatlarini aks ettiruvchi kadrlar tarqaldi. Videoda Rossiya raketasi ko‘p qavatli uyning bir qismini vayron qilgani va voqea joyida kuchli yong‘in sodir bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Hujum natijasida kamida olti kishi jarohat olgan va ularga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalashda davom etmoqda, hodisa joylaridagi yong‘inlar esa operatsiyani qiyinlashtirmoqda.

Ukraina bo‘ylab hujumlar: Kiyev, Xarkov va Krivoy Rog

Rossiya armiyasi 30-iyulga o‘tar kechasi Kiyev, Xarkov va Krivoy Rog shaharlariga ham zarbalar berdi. Ukraina poytaxtining bir necha tumanida vayronagarchiliklar va yong‘inlar qayd etildi, bir kishi halok bo‘ldi. Xarkovda esa "Shahed" dronlari Novobavarsk tumanidagi sanoat zonasiga hujum qildi.

Eng og‘ir talafot Krivoy Rogda kuzatildi. Shahar chekkasidagi Radushnoye qishlog‘ida "Iskander-M" ballistik raketasi ko‘p bolali oila yashaydigan xususiy uyga kelib tushdi. Oqibatda olti kishi, jumladan, 5 va 12 yoshli qizlar halok bo‘ldi.

Shuningdek, sakkiz kishi, jumladan, olti va 15 yoshli bolalar turli darajada jarohat oldi. Vayronalar ostida hamon odamlar bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

rossiyaukrainaurushraketa hujumikiyevlvovxarkovkrivoy rog