Dunyo

Ukraina hujumlari Rossiya neftini qayta ishlash hajmiga ta’sir ko‘rsatdi

Rossiyada iyul oyida xom neftni qayta ishlash hajmi sutkasiga o‘rtacha 3,6 million barrelni tashkil etdi. Bloomberg agentligining yozishicha, bu mavsumiy me’yordan qariyb uchdan bir qismga kam bo‘lib, 2002-yil may oyidan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ukraina tomonidan uyushtirilgan hujumlar Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. EA Analytics nashrining xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya neft infratuzilmasiga muntazam zarbalari ushbu pasayishning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, natijada bir qator neftni qayta ishlash zavodlari o‘z ish hajmini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyo bo‘yicha katta ilmiy xodimi Sergey Vakulenkoning fikricha, Rossiya havo mudofaasi tizimini kuchaytirish orqali nishonlarga yetib borayotgan dronlar sonini qisman kamaytirishi mumkin, ammo barcha hujumlarning oldini to‘liq olish imkoniga ega emas.

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Moskva va Kiyevning ochiq manbalardagi ma’lumotlari asosida, iyul oyida Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodlari, neft tankerlari, dengiz infratuzilmasi va magistral quvurlariga kamida 30 marta zarba berilgan. Bu urush boshlanganidan buyon bir oy ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Nashrning ta’kidlashicha, bu hisobga Qora dengiz sohilidagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminali bilan bog‘liq sakkizta tankerga qilingan hujumlar kiritilmagan. Agar bu hujumlar uchun ham Ukraina rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olganida, iyul oyi Rossiya neft ob’yektlariga qarshi eng ko‘p hujum qilingan davr sifatida qayd etilar edi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, iyul oyi davomida Ukraina taktikasi ham o‘zgargan. Oyning birinchi yarmida asosiy zarbalar neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan. Bu esa Rossiyani ichki qayta ishlash hajmi qisqargani sababli xom neft eksport hajmini deyarli rekord darajagacha oshirishga undagan.

Iyulning ikkinchi yarmidan boshlab esa asosiy e’tibor neft tankerlari va dengiz infratuzilmasiga qaratilgan. Qora va Azov dengizlarida tankerlarga qilingan hujumlar Rossiyaning janubiy portlari orqali neft tashish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Hujumlar kuchaygani ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengizda harakatlanayotgan kemalarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, mazkur hududda kema qatnovi uchun xavflar mavjudligini bildirgan.

Rystad Energy kompaniyasi tahlilchisi Xorxe Leonning fikricha, Rossiya Novorossiysk orqali amalga oshirilayotgan neft eksportining ma’lum qismini Boltiq dengizi portlariga yo‘naltirish imkoniga ega. Biroq ushbu portlar ham Ukraina hujumlari xavfi ostida qolmoqda.

Nashrning eslatishicha, 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi kuchga kirgan. Ushbu cheklovlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri Rossiyaning neft savdosidan oladigan daromadlarini qisqartirish va urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash hisoblanadi.

sanksiyalarukraina hujumlarineft eksportiqora dengizrossiya neft infratuzilmasineftni qayta ishlash zavodlarineft tankerlaridengiz infratuzilmasi