Ugandalik futbolchi bosqinchilar hujumi oqibatida halok bo‘ldi

Ugandalik futbolchi Devid Ovori talonchilik hujumi qurboni bo‘ldi
Ugandaning eng ko‘p sovrinli futbol klubi — “Villa”ning sardori Devid Ovori Kampala shahridagi uyiga yaqin joyda sodir bo‘lgan hujum natijasida vafot etdi. Bu xabar BBC nashri tomonidan ma’lum qilindi.
Politsiya xabariga ko‘ra, jinoyatchilarning asosiy maqsadi futbolchining mobil telefoni va boshqa shaxsiy buyumlarini tortib olish bo‘lgan. 27 yoshli Ovori talonchilarga qarshilik ko‘rsatishga uringan va shu sababli jiddiy jarohat olgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar futbolchini tosh bilan urib o‘ldirgan va voqea joyidan qochib ketgan. Hujumdan so‘ng Ovori avvaliga eng yaqin shifoxonaga olib borilgan, keyinroq esa xususiy tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgan. Biroq, olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli u ertasi kuni hayotdan ko‘z yumgan.
Uganda futbol federatsiyasi (FUFA) ushbu fojiali voqeaga munosabat bildirib, Ovorini “nafaqat maydonda, balki undan tashqarida ham chinakam yetakchi” deb ta’rifladi.
Ovori o‘z faoliyatining katta qismini vatanida o‘tkazgan. Shuningdek, u Shvetsiya va Ispaniyaning quyi divizion klublarida ham o‘ynagan. Futbolchi Uganda yoshlar terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan, shuningdek, 2021-yilgi Afrika Millatlar Kubogi saralash bosqichida asosiy terma jamoa qaydnomasiga kiritilgan, ammo o‘yinlarda ishtirok etmagan edi.

