Tailandda futbolchi o‘yin paytida yashin urishidan vafot etdi (video)

**Tailandda futbolchi o‘yin vaqtida yashin urishi natijasida vafot etdi**
Tailandning Sungay Golok shahridagi Santiphap stadionida 4-avgust kuni futbol o‘yini chog‘ida fojiali hodisa yuz berdi. Maydonga yashin tushishi oqibatida 24 yoshli futbolchi Sofvan Avae hayotdan ko‘z yumdi, yana 12 nafar o‘yinchi jarohat oldi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Politsiya boshlig‘i Tun Sirikhuntning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar futbolchining hayotini saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rgan, biroq urinishlar zoye ketgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda chaqmoqning maydondagi bir nechta futbolchi yaqiniga urilgani va kuchli ovoz eshitilgani aks etgan.
Qora va oq chiziqli formada bo‘lgan jamoadoshlari darhol unga yordamga shoshilgan. Ular futbolchini orqasiga o‘girib, birinchi yordam ko‘rsatishga va uni hushiga keltirishga harakat qilgan. Politsiyaning ma’lumotlariga ko‘ra, jarohat olgan 12 nafar futbolchi shifoxonaga yetkazilgan. Ularning orasida bir nafar Malayziya fuqarosi ham bor. O‘yin havaskorlar hamda Tailand va Malayziya jamoalari ishtirok etadigan mahalliy Golok FA Cup turniri doirasida o‘tkazilayotgan edi.
Sofvan Avae SAMCOLTS jamoasida qanot hujumchisi sifatida o‘ynagan. U yaqindagina Tailandning Yala klubi bilan shartnoma imzolagan edi. Yala klubi futbolchining oilasiga hamdardlik bildirdi. Klub bayonotida shunday deyiladi: “Yangi o‘yinchimiz Sofvan Avaening oilasiga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”.
Tailandda chaqmoq urishi bilan bog‘liq o‘lim holatlari tez-tez uchrab turadi. Kasalliklarni nazorat qilish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yildan 2024-yilgacha mamlakat bo‘ylab kamida 283 kishini chaqmoq urgan. Ularning ko‘pchiligi voqea joyida halok bo‘lgan. Bundan oldin Bangladeshda 27-aprel kuni yashin urishi oqibatida 14 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

