Sport

Shotlandiyadagi Hamdo‘stlik o‘yinlaridan so‘ng Uganda va Pokiston bokschilari g‘oyib bo‘ldi

Shotlandiyadagi Hamdo‘stlik o‘yinlaridan so‘ng Uganda va Pokiston bokschilari g‘oyib bo‘ldi

Shotlandiya politsiyasi Glazgoda bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlik o‘yinlaridan keyin o‘z vatanlariga qaytmagan xorijlik sportchilar yuzasidan tergov ishlarini boshladi. OAV xabarlariga ko‘ra, yo‘qolgan sportchilar Uganda va Pokiston boks terma jamoalari a’zolaridir.

4-avgust, seshanba kuni kechqurun Shotlandiya politsiyasi vakili bu borada rasmiy bayonot berdi:

“Politsiyaga bir nechta sportchining bedarak yo‘qolgani haqida xabarlar kelib tushdi. Hozirda holatni o‘rganish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda va Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”.

Ugandaning NBS Sport nashri xabariga ko‘ra, mamlakatning olti kishilik boks terma jamoasining to‘rt nafar a’zosi jamoaning qaytish reysidan oldin g‘oyib bo‘lgan. Ulardan biri telekanalga o‘zining boshpana so‘rash niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Pakistan Today nashrining yozishicha, pokistonlik bokschilardan biri ham vataniga qaytuvchi samolyotga chiqmagan.

Hamdo‘stlik o‘yinlaridan so‘ng sportchilarning yo‘qolib qolishi bilan bog‘liq holatlar so‘nggi yillarda tez-tez uchrab turadi. Eslatib o‘tamiz, 2014-yilgi Glazgo o‘yinlaridan beri ushbu nufuzli musobaqalar asosan Avstraliya yoki Britaniyada o‘tkazib kelinmoqda.

Masalan, 2018-yilda Avstraliyaning Gold-Kost shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yinlardan so‘ng ham shunday holat kuzatilgan. Musobaqa yakunlanganidan bir oy o‘tib ham rasmiylar 50 nafar sportchi va delegatsiya a’zolarini qidirayotgan edi, yana 190 kishi esa boshpana so‘rab rasman murojaat qilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Glazgoda 11 kun davom etgan joriy yilgi Hamdo‘stlik o‘yinlarida dunyoning 74 ta davlatidan kelgan 3000 ga yaqin sportchi ishtirok etdi.

pakistanugandaboxingcommonwealth gamesmissing athletesasylum seekersscotlanduk home office