Sport

Futboldagi islohotlar: Osiyo Kubogidagi g‘oliblik real imkoniyatmi yoki orzu?

2027 yilgi Osiyo Kubogi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun navbatdagi yirik musobaqa emas. Bu turnir

Futboldagi islohotlar: Osiyo Kubogidagi g‘oliblik real imkoniyatmi yoki orzu?

2027-yilgi Osiyo Kubogi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun shunchaki navbatdagi yirik musobaqa emas. Bu turnir mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan futbol islohotlarining haqiqiy samarasini ko‘rsatadigan muhim sinovga aylanishi mumkin. O‘zbekiston yaqinda mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. O‘tgan davr mobaynida sportga, xususan, futbolga davlat darajasida katta e’tibor qaratildi. Shu bois, bu e’tiborning natijalarini ko‘radigan vaqt keldi, deb bemalol aytish mumkin.

O‘zbekiston futboli tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani tasodif emas. Bu natija bir necha yil davomida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan futbol islohotlari, infratuzilmaga yo‘naltirilgan sarmoyalar, yoshlar akademiyalari faoliyati va boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlarning mantiqiy davomidir.

Ammo eng katta savol hali ham ochiq qolmoqda: bu o‘sish Osiyo Kubogida chempionlik uchun yetarlimi?

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida futbolni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayon faqat kattalar futboli bilan cheklanib qolmadi.

Yangi futbol akademiyalari tashkil etildi, bolalar va o‘smirlar futboliga e’tibor kuchaytirildi, hakamlik tizimi takomillashtirildi, VAR texnologiyasi joriy qilindi, futbol sohasini raqamlashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Superliga klublarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, iqtidorli futbolchilarni aniqlash va xorijda o‘ynayotgan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Bu o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston nafaqat kuchli terma jamoaga, balki xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatiga ega futbol mamlakatiga ham aylanmoqda. 2027-yilgi U-17 Osiyo chempionatiga mezbonlik huquqining qo‘lga kiritilishi ham xalqaro futbol tashkilotlarining mamlakat infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.

Hozirgi terma jamoa O‘zbekiston mustaqillik tarixidagi eng kuchli tarkiblardan biri sifatida baholanmoqda.

Yevropa chempionatlarida o‘ynayotgan futbolchilar soni ortdi. Eldor Shomurodov kabi tajribali yetakchilar bilan bir qatorda yosh avlod ham xalqaro maydonda tobora ko‘proq tajriba to‘plamoqda. "Manchester Siti"dagi Abduqodir Husanov Yevropaning yetakchi himoyachilaridan hisoblanadi. Muhammadali O‘rinboyev Belgiyaning "Antverpen"ida o‘ynamoqda, Abbosbek Fayzullayev Shomurodov bilan birga Turkiyaning "Bashakshehiri"da to‘p suryapti. Yaqindagina Jahongir O‘rozov Qozonning "Rubin" klubi safiga o‘tdi. Shuningdek Portugaliyaning "Braga" jamoasida faoliyatini boshlagan Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanovlardan ham umid katta.

Eng muhimi, terma jamoada avlodlar almashinuvi og‘riqsiz kechmoqda. Ilgarigi yillarda bir-ikki yetakchi futbolchiga qaram bo‘lgan jamoa endi har bir chiziqda raqobatga ega. Bu esa uzoq davom etadigan turnirlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shunga qaramay, Osiyo Kubogida g‘olib chiqish oson vazifa emas. Qit’ada Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya kabi muntazam ravishda jahon darajasida raqobatlashayotgan terma jamoalar mavjud.

O‘zbekiston ular bilan nafaqat texnika yoki jismoniy tayyorgarlik, balki hal qiluvchi uchrashuvlardagi psixologik barqarorlik, katta turnir tajribasi va sovuqqonlik borasida ham raqobatlasha olishi lozim.

Jahon chempionatiga chiqish bilan Osiyo Kubogida chempion bo‘lish o‘rtasida katta farq bor. Birinchisi saralash bosqichida barqarorlikni talab qilsa, ikkinchisi qisqa muddatli pley-offlarda har bir xatoning bahosi juda yuqori bo‘lgan musobaqadir.

Endi bevosita Osiyo Kubogida g‘alaba qozonish maqsadiga kelsak. Agar bu savol besh-olti yil avval berilganida, javob aniq edi – orzu.

Bugun esa vaziyat mutlaqo o‘zgargan.

O‘zbekiston endi Osiyo Kubogiga sensatsiya qilish uchun emas, chempionlik uchun da’vogar sifatida bormoqda. Bu maqom jahon chempionatiga chiqish, futbol infratuzilmasining rivojlanishi va davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlar natijasida qo‘lga kiritildi.

Albatta, O‘zbekistonni turnirning asosiy favoriti deb aytishga hali erta. Ammo chempionlik uchun kurashadigan 4-5 jamoa qatorida bo‘lish – tabiiy voqelikdir.

Shu ma’noda, "Osiyo Kubogida g‘oliblik orzumi?" degan savolga javob ham o‘zgardi.

Endi bu orzu emas.

Bu – amalga oshishi mumkin bo‘lgan real maqsaddir. Faqat to‘g‘ri tayyorgarlik, to‘g‘ri strategiya va hal qiluvchi bahslarda xarakter namoyish etilsa bo‘lgani, Osiyo Kubogi bizniki bo‘ladi!

Bizga tarixdagi ilk mundial yo‘llanmasini taqdim eta olgan yigitlar bu ishning ham uddasidan chiqa olishlariga ishonamiz!

football developmentnational teamfootball reformsuzbekistan footballyouth academiesinternational playersworld cup qualificationasian cup