O‘zbekiston 2027-yilgi U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston 2027-yilda o‘tkaziladigan U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu qaror Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Ijroiya qo‘mitasining so‘nggi yig‘ilishida qabul qilingan muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) ma’lum qildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, 2029-yilgi U-17 Osiyo kubogi Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, 2028-yilgi U-23 Osiyo kubogiga Yaponiya mezbonlik qilishi belgilandi. Ushbu turnir 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga Osiyo qit’asidan saralash vazifasini bajaradi.
OFK Ijroiya qo‘mitasi qit’a klublari musobaqalari va yoshlar turnirlari reglamentiga bir qator o‘zgarishlar kiritishni ham ma’qulladi. Xususan, 2026/27-yilgi mavsumdan boshlab AFC Chempionlar Ligasi Elita musobaqasi yangi, 32 jamoalik formatda o‘tkaziladi. Shuningdek, U-20 Osiyo kubogi saralash tizimiga ham bir qancha yangiliklar joriy etiladi.

