Osiyo o‘yinlari oldidan: O‘zbekiston yangi sport markaziga aylanmoqdami?
Yaponiyaning Aychi va Nagoya shaharlari mezbonlik qiladigan XX Osiyo o‘yinlari nafaqat qit’aning eng yirik sport

**Osiyo o‘yinlari oldidan: O‘zbekiston yangi sport markaziga aylanmoqdami?**
Yaponiyaning Aychi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlari qit’aning eng yirik sport musobaqasi bo‘lish bilan birga, yangi sport kuchlarining nisbatini ko‘rsatuvchi muhim sinov vazifasini o‘taydi. So‘nggi yillarda xalqaro arenalarda barqaror natijalar ko‘rsatayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi bu safar ham medallar jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga yaqinda 35 yil to‘ladi va mamlakatda sportga doimiy ravishda katta e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘zbek sporti yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mutaxassislarning fikricha, Aychi-Nagoya Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston bir qator sport turlarida qit’aning asosiy favoritlaridan biri sifatida ishtirok etadi.
**Boks: An’anaviy kuch manbai**
Eng katta umid, avvalgidek, boks bilan bog‘liq. O‘zbek boks maktabi so‘nggi yillarda nafaqat Osiyo, balki jahon miqyosida ham yetakchilardan biriga aylandi. Parij Olimpiadasida Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Abdumalik Xalokov, Lazizbek Mullojonov, shuningdek ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov tengsiz bo‘lgan edi. Osiyo o‘yinlarida ham bu bokschilarning aksariyati oltin medal uchun asosiy da’vogarlar sifatida qaralmoqda.
Garchi Lazizbek Mullojonov va Bahodir Jalolov bu musobaqada ishtirok etmasalar ham, Jahongir Zokirov, To‘rabek Habibullayev kabi yosh va umidli bokschilar ularning o‘rnini munosib to‘ldirishga harakat qiladilar. Ayollar o‘rtasida esa Feruza Qozoqova, Odinaxon Rahimova va Xumoronabu Mamajonova kabi bokschilardan ham yuqori natijalar kutilmoqda.
**Dzyudo: Yaponiya, Janubiy Koreya va Mo‘g‘ulistonga raqobatchi**
Medallar uchun asosiy manbalardan yana biri — dzyudo. O‘zbekistonlik dzyudochilar so‘nggi yillarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda va Osiyo arenasida Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Mo‘g‘uliston bilan teng raqobat qilish salohiyatiga ega. Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova, jahon chempionati sovrindorlari Muzaffarbek To‘raboyev, Davlat Bobonov, Sharofiddin Boltaboyev hamda og‘ir vazndagi yetakchi dzyudochilardan Alisher Yusupov O‘zbekistonning asosiy medal umidlari hisoblanadi.
**Kurash: Kuchli murabbiylik maktabi samarasi**
Erkin va yunon-rum kurashi, shuningdek ayollar kurashi bo‘yicha ham O‘zbekistonning medal imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Erkin kurashda Olimpiya chempioni Razambek Jamalov, yunon-rum kurashida Islomjon Baxromov, ayollar kurashida esa yosh va iqtidorli sportchilar yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilmoqda. Mamlakatda ushbu yo‘nalishlarda shakllangan kuchli murabbiylik maktabi yillar davomida o‘z samarasini berib kelmoqda.
**Og‘ir atletika: Barqaror yutuqlar**
Og‘ir atletika ham O‘zbekistonning eng ishonchli medal manbalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida muntazam ravishda shohsupaga ko‘tarilib kelmoqda. Tokio Olimpiadasi chempioni Akbar Jo‘rayev Osiyo o‘yinlarida ham oltin medal uchun asosiy da’vogarlardan biri sanaladi. Shuningdek, iqtidorli yosh og‘ir atletikachilar Sardorbek Toshtemirov hamda ayollar o‘rtasida Muattar Nabiyeva ham medallar uchun kurashishi mumkin. Og‘ir atletika maktabining izchil rivojlanishi va zaxira sportchilarning yetishib chiqishi O‘zbekistonning ushbu sport turida Osiyoning yetakchi davlatlari qatorida qolishini ta’minlamoqda.
**Taekvondo va sport gimnastikasi: Umidli yo‘nalishlar**
Taekvondo va sport gimnastikasida ham o‘zbekistonlik sportchilardan yuqori natijalar kutilmoqda. Taekvondoda Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov va Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Svetlana Osipova O‘zbekistonning asosiy umidlari hisoblanadi. Sport gimnastikasida afsonaviy Oksana Chusovitinaning tajribasi hamon jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
**Yengil atletika: O‘sib borayotgan raqobatbardoshlik**
Yengil atletikada ham o‘sish kuzatilmoqda. Balandlikka sakrash bo‘yicha Safina Sa’dullayeva, ko‘pkurash bo‘yicha Yekaterina Voronina kabi sportchilar Osiyo miqyosida medal uchun kurashish imkoniyatiga ega. Yosh yengil atletikachilarning Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani mamlakatning ushbu yo‘nalishda ham raqobatbardoshligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
**Yutuqlar siri: Davlat e’tibori va tizimli islohotlar**
Bu yutuqlarning asosiy manbasini, avvalo, davlat tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan e’tiborda ko‘rish mumkin. So‘nggi yillarda milliy terma jamoalarni shakllantirish tizimi takomillashtirildi, sportchilarni saralash jarayoni yanada shaffoflashtirildi va tayyorgarlik jarayoniga zamonaviy ilmiy yondashuvlar keng joriy etildi. Shu bilan birga, hududlarda yangi sport inshootlari qurildi, mavjud bazalar modernizatsiya qilindi, murabbiylar malakasini oshirish va yoshlar zaxirasini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
**Xalqaro sport markaziga aylanish**
Yana bir muhim jihat — mamlakatda xalqaro sport tadbirlari soni sezilarli darajada oshdi. O‘zbekistonning nufuzli jahon chempionatlari, Osiyo chempionatlari hamda Osiyo Olimpiya Kengashi tadbirlariga mezbonlik qilishi xalqaro sport hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamladi. So‘nggi ikki-uch yil ichida O‘zbekistonda jahon va qit’a miqyosidagi musobaqalar soni keskin oshdi. Xalqaro federatsiyalar mamlakatning sport infratuzilmasi, tashkiliy imkoniyatlari va xavfsizlik tizimini yuqori baholamoqda.
Bu jarayon nafaqat xalqaro musobaqalarni qabul qilish, balki O‘zbekistonni Osiyo sportining muhim markazlaridan biriga aylantirish strategiyasining ajralmas qismi sifatida ko‘rilmoqda. Ayrim xorijlik ekspertlar mamlakatni hatto "Markaziy Osiyoning sport poytaxti" sifatida ham e’tirof etmoqda. Toshkentda barpo etilgan zamonaviy Olimpiya shaharchasi bemalol mana shu e’tirofning isboti bo‘la oladi. Majmua kelgusida ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi kutilmoqda. O‘zbekistonga hali dunyo tanigan sportchilar keladi. Va shu o‘lkadan dunyo taniydigan yulduzlar ko‘p yetishib chiqadi.
Aychi-Nagoya Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston sporti uchun navbatdagi jiddiy imtihon bo‘ladi. Boks, dzyudo, kurash, og‘ir atletika, taekvondo, gimnastika va yengil atletika kabi sport turlarida yuqori natijalar qayd etish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Eng muhimi, bugungi yutuqlar tasodif emas. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, sport infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar, yoshlar zaxirasini tayyorlash va xalqaro hamkorlikning kengayishi O‘zbekistonni nafaqat medallar uchun kurashadigan mamlakatga, balki Osiyo sporti rivojiga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim markazlardan biriga aylantirmoqda.

