UEFA a’zolari JCH-2026 dagi mojarodan so‘ng FIFA prezidentligiga yangi nomzodlarni izlashga kirishdi

UEFA a’zolari JCH-2026 dagi mojarodan so‘ng FIFA prezidentligi uchun yangi nomzodlarni izlashga kirishdi. UEFAga a’zo bo‘lgan bir qator futbol assotsiatsiyalari FIFA prezidentligi uchun bo‘ladigan navbatdagi saylovda boshqa rahbar tayinlash masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda TalkSPORT nashri xabar berdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning JCH-2026 dagi diskvalifikatsiyasi FIFA intizom qo‘mitasi tomonidan to‘xtatib qo‘yilgach, Yevropa davlatlarining noroziligi ortgan va ular amaldagi rahbariyatga o‘rinbosar qidirishga tushgan.
Amaldagi rahbar Janni Infantino navbatdagi saylovda ham o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Ammo Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Shvetsiya va Norvegiya kabi mamlakatlar federatsiyalari unga qarshi boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda. Hozircha Polshaning “Legiya” klubi xo‘jayini Dariush Mioduski hamda CONCACAF (Shimoliy Amerika futbol konfederatsiyasi) prezidenti Viktor Montalyani varianti muhokama qilinmoqda.
Boshqa nomzodlar orasidan UEFA prezidenti Aleksander Cheferin bor e’tiborini Yevropa futboliga qaratmoqchi, “PSJ” klubi rahbari Nosir al-Xelayfi esa bu borada hech narsa demagan. Afrika futboli (CAF) rahbari Patris Motsepe ham kelajakda FIFA prezidenti bo‘lishni istaydi, biroq u Infantinoning yaqin do‘sti bo‘lgani sababli, amaldagi rahbarning vakolat muddati tugaydigan 2031-yilni kutishni afzal ko‘rmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, FIFA prezidentligiga nomzodlar 18-noyabrga qadar ro‘yxatga olinishi kerak. Saylovlar ham aynan shu kuni Marokashning Rabot shahrida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

