Tramp bilan bog‘liq mojarodan so‘ng FIFA prezidenti ustidan shikoyat tushdi

Tramp bilan bog‘liq mojarodan so‘ng FIFA prezidenti ustidan shikoyat kiritildi
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga (XOQ) FIFA prezidenti Janni Infantinoning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan aloqalarida siyosiy betaraflik qoidalarini buzganligi haqida shikoyat arizasi kelib tushdi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
“FairSquare” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti, 2020-yilda XOQ a’zosiga aylangan Infantino XOQning axloq kodeksini bir necha bor buzganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu qoidabuzarliklarning so‘nggisi amerikalik futbolchi Folarin Balogun bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqish jarayonida yuzaga kelgan.
“Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Trampga o‘zining siyosiy yordamini taklif qilish orqali XOQning siyosiy neytrallik haqidagi qoidalarini bir necha bor buzgan”, deyiladi “FairSquare” bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda FIFA intizom qo‘mitasi AQSH milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini to‘xtatib turishga qaror qildi. Buning natijasida futbolchi JCH-2026 ning 1/8 finalida Belgiyaga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
OAV xabarlariga ko‘ra, FIFA bu qarorni Oq uydan tashkilot rahbari Janni Infantinoga bo‘lgan qo‘ng‘iroqdan so‘ng qabul qilgan. Keyinroq AQSH prezidenti Donald Tramp haqiqatan ham ushbu masala yuzasidan Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgani va diskvalifikatsiya haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini tasdiqladi.
“FairSquare” tomonidan XOQ Etika komissiyasiga kiritilgan da’voda siyosiy betaraflik qoidalari kamida besh marta ochiq-oydin buzilgani, shuningdek, Balogun ishini qo‘shib hisoblaganda yana ikkita jiddiy qoidabuzarlik alomatlari borligi ta’kidlangan.
Taxmin qilinayotgan qoidabuzarliklardan yana biri Infantinoning JCH-2026 ga bag‘ishlangan FIFA fan-saytini targ‘ib qilishi bilan bog‘liq. “FairSquare” tashkilotining hisoblashicha, ushbu sayt aslida prezident Trampga aloqador tuzilmalar tomonidan shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish kampaniyasining bir qismi bo‘lgan.

